Davlatimiz rahbarining “Maʼmuriy islohotlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligi faoliyatini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror ijrosini taʼminlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligi tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Butunjahon antidoping agentligi (WADA)ning antidoping elektron taʼlim platformasidagi 7 ta o‘quv dasturlari o‘zbek tiliga tarjima qilinib, WADA veb saytiga joylandi. Mazkur o‘quv dasturlari barcha sportchilar, shu jumladan o‘zbek sportchilarining ham Xalqaro musobaqalarda qatnashishlari uchun majburiy shart qilib qo‘yilgan antidoping sohasidagi bilimlarini belgilash va yakunda imtihon topshirib muvaffaqiyatli o‘tgan sportchilarga sertifikat berishni o‘z ichiga oladi. Joriy yilning 11 oyi davomida ushbu dasturni yakunlab, sertifikatga ega bo‘lgan o‘zbek sportchilari soni 700 nafarga yetdi.
Sportda doping qo‘llanishining oldini olish, o‘zbek sportchilarida ijobiy doping sinamalari chiqishi holatlarini oldini olish, sportchilar va sport sohasidagi mutaxassislarga antidoping qoidalarini o‘rgatish, Terapevtik istisnolar, sportda taqiqlangan moddalar va usullar bilan atroflicha tanishtirish hamda mamlakatda samarali doping nazoratini amalga oshirish borasida agentlik tomonidan onlayn va oflayn ko‘rinishida malaka oshirish kurslari tashkil qilindi. Mazkur kurslar orqali joriy yil dekabr oyi xolatiga jami 1500 nafarga yaqin Respublikamiz mutaxassislari o‘qib, sertifikatlarga ega bo‘lishdi.
Oktyabr oyida Markaziy Osiyo mintaqaviy antidoping tashkiloti RADOCA hamda Litva antidoping agentligi bilan hamkorlikda o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun “Sportda taqiqlangan moddalar va usullar”dan Terapevtik istisno tarzida foydalanish bo‘yicha xalqaro ekspertlar ishtirokida onlayn Vebinar tashkil etildi. Mazkur vebinarda respublikamizda faoliyat olib borayotgan 450 nafarga yaqin sport shifokorlari va murabbiylarining ishtiroki qamrab olindi.
Sport turlari bo‘yicha federatsiya va assotsiatsiyalar murabbiylari va sport shifokorlari uchun sportda dopingga qarshi kurashish va dopingning oldini olish mavzularida jami 43 ta o‘quv-seminarlari o‘tkazildi. Tashkil qilingan o‘quv-seminarlar olimpiya va noolimpiya sport turlari bo‘yicha 15 ta, paralimpiya sport turlari bo‘yicha 13 ta shuningdek, viloyatlardagi sport federatsiyalar bo‘limlari xodimlari uchun 15 ta o‘quv-seminarlari o‘tkazildi.
2023-yil “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” doirasida agentlik tomonidan bir qator o‘quv-qo‘llanmalar va dasturlar ishlab chiqildi. Xususan, “Sportda taqiqlangan moddalardan terapevtik istisnolar tarzida foydalanish: asosiy shartlar va mezonlar”, “Sportchining biologik pasporti”, “ADAMS tizimida maʼlumotlarni joylashtirish”, “Yillik test ro‘yxatiga kiritilgan sportchilar uchun dastur”, “Sportda taqiqlangan moddalardan terapevtik maqsadda foydalanish”, “Doping nazorati”, “Doping va uning sportchi salomatligiga taʼsiri” va boshqa o‘quv-uslubiy qo‘llanmalari yaratildi va nashr etildi. Shuningdek, “Sportda taqiqlangan moddalar va usullardan terapevtik istisnolar maqsadida foydalanish bo‘yicha dastur” ishlab chiqildi. Kibersport va yakkakurash sport turlari uchun “Antidoping qoidalari” o‘quv-uslubiy qo‘llanmasi, tibbiyot xodimlari uchun dopingga qarshi kurash va uning profilaktikasi bo‘yicha “Antidoping taʼlimoti” malaka oshirish kursi va dasturi ishlab chiqildi. Shuningdek, "Doping va sog‘liq", "Antidoping qoidabuzarliklari", "Doping haqida 10 ta savol" va "Agentlik bo‘limlarining aloqa manzillari ko‘rsatilgan" broshuralar chop etildi. Barcha yaratilgan o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar va dasturlar O‘zbekiston sport federatsiyalari va assotsiatsiyalariga tarqatildi.
Antidoping sohasini raqamlashtirish orqali qoidabuzarliklarini kamaytirish bo‘yicha ham bir qator ishlar amalga oshirildi. Sportchilarni doping va uning profilaktikasi bo‘yicha kerakli maʼlumotlar bilan taʼminlash maqsadida “Antidoping taʼlimoti” o‘quv dasturi hamda O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan dori vositalari tarkibida taqiqlangan moddalar mavjudligini tekshirish uchun “Sportda taqiqlangan moddalarni tekshirish milliy platforma”si yaratildi.
Agentlik tomonidan doping sinama va doping nazoratini tashkil qilish, sportchilar haqida maʼlumotlarni to‘plash va saqlashga oid “sportchining biologik pasporti” (ABP) onlayn tizimi joriy etildi va olingan maʼlumotlarni Butunjahon antidoping agentligining Antidoping Maʼmuriyati va boshqaruv tizimi (ADAMS)ga kiritish yo‘lga qo‘yildi.
Joriy yilning sentyabr oyida Toshkent shahrida Butunjahon antidoping agentligi bilan hamkorlikda Markaziy Osiyo mintaqaviy antidoping agentligi boshqaruvining hisobot yig‘ilishi o‘tkazildi. Ushbu tadbir davomida davlatlarda olib borilayotgan antidoping faoliyat bo‘yicha Kengash aʼzolarining yillik hisoboti eshitildi va oldindagi rejalar belgilab olindi.
Agentlik muassisligida “Sport va tibbiyot” xalqaro jurnaliga asos solindi. Mazkur jurnalda respublikamiz va xorijiy olimlar tomonidan sport tibbiyoti, farmakologiyasi va biokimyosi sohasida olingan ilmiy maqolalar chop etilishi yo‘lga qo‘yildi. Hozirda mazkur jurnalni xalqaro indekslangan SCOPUS hamda Web of Science maʼlumotlar bazasiga kiritish borasida ishlar amalga oshirilmoqda. Jurnal xalqaro ISSN kodi bilan akkreditatsiyadan o‘tkazildi.
Taʼkidlash joizki, mamlakatimiz sportchilari va sport mutaxassislarini antidoping sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishda faoliyat yuritayotgan agentlik xodimlarining o‘zlari ham doimiy ravishda sohaga oid Xalqaro miqyosdagi konferensiyalar, simpoziumlar, seminar va vebinarlarda muntazam ravishda ishtirok etishib, o‘z bilimlarini yana-da mustahkamlab bormoqdalar. Xususan, qon dopingi mutaxassislari va xalqaro doping nazorati xodimlari uchun tashkil etilgan xalqaro vebinarlar, dopingda tergov va surishtiruv bo‘yicha xalqaro vebinar, YUNESKOning Parij shahrida bo‘lib o‘tgan “Sportda dopingga qarshi kurash konvensiyasi”ga aʼzo davlatlarning 9-sessiyasi, Yaponiya antidoping agentligi (JADA) tomonidan tashkil etilgan “Osiyo-Okeaniya Xalqaro antidoping seminari” va boshqalar shular jumlasidandir.
Shuningdek, xalqaro hamkorlik doirasida Koreya antidoping agentligi bilan imzolangan memorandumga asosan 7 nafar agentlik xodimi Koreyada malaka oshirib kaytdi. Shuningdek, joriy yilning avgust oyida Koreya antidoping agentligi mutaxassislari Toshkentga keldi hamda agentlik xodimlariga o‘quv-trening kurslari va maxorat darslarini o‘tkazishdi.
Xalqaro testlash agentligi tomonidan mahalliy va xalqaro musobaqalarda doping sinamalarini olish huquqini berishga mo‘ljallangan
21 kunlik o‘quv kursi tashkil etildi va 3 nafar agentlik xodimi o‘qitildi. Ushbu mutaxassislarga xalqaro doping ofitseri sertifikati berildi. Doping nazorati xodimlari 2024-yil Parijda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida doping nazorati xodimi sifatida faoliyat olib borishi rejalashtirilgan.
Taʼkidlash joizki, antidoping sohasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida dopingdan holi halol sportga jamoatchilikni keng jalb qilish bo‘yicha hukumat darajasida eʼtibor qaratilayotganligi hamda mazkur sohada amalga oshirilayotgan ishlar Butunjahon antidoping agentligi tomonidan ham yuksak eʼtirofga sazovor bo‘lmoqda. Bu ijobiy o‘zgarishlarning barchasi albatta mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning ijobiy samarasi ekanligi taʼkidlanmoqda.
WADAning 2023-yil dekabr oyidagi yillik hisobotida O‘zbekiston dunyodagi 206 ta mamlakatlar orasida kuchli 1-guruhga kiritildi. WADA tomonidan 206 ta davlatlardagi Milliy antidoping tashkilotlar faoliyatini 4 guruhga bo‘lingan holda baholab boriladi. Bular, 1-guruh yuqori, 2-guruh yaxshi, 3-guruh qoniqarli va 4-guruh qoniqarsiz. O‘zbekiston bu guruhlardan antidoping sohasida yosh mamlakat bo‘lishiga qaramay 1-guruh, yaʼni faoliyati yuzasidan yuqori natijalar qayd etgan mamlakatlar qatoridan joy oldi.
Bu guruhda MDX mamlakatlaridan O‘zbekiston, Belorussiya, Rossiya va Qozog‘iston joy olgan bo‘lsa, Azarbayjon, Armaniston, Qirg‘iziston 2-guruhdan, Tojikiston, Turkmaniston va Maldova 3-guruhdan joy olgan.
Shu o‘rinda qanday sabablar asosida davlatlar bu guruhlarga bo‘linadi degan savol yuzaga keladi. Butunjahon antidoping agentligi Kodeksi talablarini o‘z vaqtida bajarish, yaʼni sportchi, shifokor va murabbiylarni antidoping sohasidagi bilimlarini oshirish, doping sinamasi olish va ularni natijalari (ijobiy natijalar kamligi inobatga olinadi) hamda Xalqaro toifadagi doping ofitser va surushtiruv-ofitserlari mavjudligi va eng asosiysi muvofiqlik darajasi berilishiga qarab bo‘linadi. Maʼlumot uchun aytib o‘tmoqchimiz, O‘zbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligi Butunjahon antidoping Kodeksining muvofiqlik nazoratidan 2023-yil II choragida muvaffaqiyatli o‘tgan Milliy antidoping agentligi hisoblanadi.
Butunjahon antidoping agentligi tomonidan nomuvofiq deb topilgan mamlakatlarga nisbatan sanksiyalar qo‘llaniladi. Bu sanksiyalar Kodeks talablarini to‘liq, qisman yoki umuman talabga mos kelmaslik turlariga qarab sanksiyalar turlicha bo‘ladi. Misol uchun mamlakat nomidan xalqaro musobaqalarda ishtirok etmaslik, ishtirok etgan taqdirda mamlakat bayrog‘i ko‘tarilmasligi kabi jazo turlariga bo‘linadi.
2023-yil 20-dekabr xolatiga umumiy 535 ta doping sinamalar olindi. Shuningdek, “sportchining biologik pasporti” (ABP) aniqlash uchun 36 ta qon taxlillari olingan bo‘lib, doping sinamalar maxsus laboratoriyalarga tekshirish uchun yuborildi. Taqqoslash uchun aytib o‘tish lozim 2022-yil yakuni bo‘yicha umumiy 344 ta doping sinama olingan bo‘lsa, 2023 yil 20 dekabr xolatiga 535 tani tashkil qilmoqda.
Antidoping maʼmuriyatchiligi va menejmenti yani ADAMS tizimiga maʼlumotlarni o‘z vaqtida kiritmagan 37 nafar sportchilarga ogohlantirish berildi va 6 ta sportchiga sportdan chetlatish jazo chorasi qo‘llanildi. Antidoping qoidabuzarligi jazo muddati tugagan 5 nafar sportchi professional sportga qaytgan bo‘lsa, yana 1 sportchi sport tatilidan qaytdi.
Agentlik huzuridagi Terapevtik istisnolar komissiyasining yillik hisobod yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilishda terapevtik istisnolar komissiyasining 2023-yilgi faoliyati yuzasidan hisoboti eshitiladi va TIning amaldagi qoidalari va mezonlari, 2024-yilgi “Sportda taqiqlangan moddalar va usullar ro‘yxati”dagi o‘zgarishlar va qo‘shimchalar haqida maʼlumot beriladi va 2020-2023-yillar kesimida o‘zbek sportchilarining ijobiy doping statistikasi tanqidiy tahlil qilindi. Shuningdek, TIdan foydalanish bilan bog‘liq axloqiy va huquqiy jihatlarni muhokama qilish, Glyukokortikoidlar farmakologiyasi va sportda qo‘llanilishi borasida batafsil maʼlumot berildi.