Hozirgi kunda butun dunyo sport ixlosmandlari orziqib kutayotgan 4 yillikning eng nufuzli sport musobaqasi Olimpiya va paralimpiya o‘yinlari yaqinlashib kelmoqda. Sport bayramiga tayyorgarlikning so‘ngi bosqichida barcha masʼullar tomonidan sportchilarga qulay sharoit yaratib berish, ularni psixologik va jismonan tayyorlash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Jumladan O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi tomonidan ham reja asosida federatsiya (assotsiatsiya)lar sportchilari, sport taʼlim muassasalari, sport shifokorlari va masʼul xodimlari uchun seminar trening va vebinarlar o‘tkazib kelinmoqda. Navbatdagi seminar trening O‘zbekiston Og‘ir atletika federatsiyasi bilan hamkorlikda “Dopingga qarshi kurash” mavzusida o‘tkazildi va shifokorlar, murabbiylar va sportchilar oflayn tarzda ishtirok etishdi.
Seminar davomida sportchining huquq va majburiyati, ADAMS tizimining dolzarbligi, sportda taqiqlangan dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalar, antidoping qoidabuzarligi sodir etilganda qo‘llaniladigan jazo choralari va muddatlari to‘g‘risida mutaxassislar maʼlumotlar berishdi.
Shuningdek, respublikamizdagi sport sohasi mutaxassislari ham onlayn tarzda ishtirok etishdi hamda o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga yuzlanishdi va kerakli javoblarni olishdi. Bu kabi seminar treninglar doimiy o‘tkazilishiga sabab, mamlakatni dopingdan xoli hududga aylantirish va sportchilar musobaqalarda halol g‘alabalarni qo‘lga kiritish orqali O‘zbekiston bayrog‘ini yuqorilarga ko‘tarishga undashdir.