O‘zbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligi huzuridagi terapevtik istisnolar bo‘yicha komissiyasi o‘zining 2024 yil 15 yanvardagi 5-sonli majlisida Suzish federatsiyasi sportchisi Anastasiya Zelinskayaga Retroaktiv TI arizasini berish masalasini ko‘rib chiqdi.
Xalqaro toifadagi sportchi A.Zelinskaya uzoq masofalarga suzish bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi aʼzosi hisoblanadi. U 2023 yildan xalqaro musobaqalarda qatnashib keladi. 2021, 2022, 2023 yillarda o‘z yo‘nalishida O‘zbekiston chempioni bo‘lgan. 2023 yilda Yaponiyada o‘tkazilgan Jahon chempionatida qatnashgan. 2023 yilda Rossiyada o‘tkazilgan Xalqaro talabalar universiadasida 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan.
Sportchi 2023 yilning boshidan O‘zbekiston milliy antidoping agentligining doping sinamalari olish rejalashtirilgan sportchilar ro‘yxatiga kiritilgan. Mazkur ro‘yxatdagi sportchilardan yil davomida uch marotaba doping sinama olishi belgilangan. Rejaga muvofiq, sportchidan 2023 yilning 17- va 28 noyabr kunlari ikki marta musobaqadan tashqari vaqtda doping sinamalari olingan.
Butunjahon antidoping agentligining litsenziyasiga ega bo‘lgan antidoping laboratoriyasi xulosasiga ko‘ra, sportchidan 17 noyabr kuni olingan doping sinamada salbutamol va furosemid taqiqlangan moddalari, 28 noyabrda olingan doping sinamasida esa furosemid taqiqlangan moddasi borligi aniqlangan. Doping sinamasi topshirish jarayonida sportchi doping nazorati xodimlariga o‘sha davrda qabul qilayotgan dori vositalari haqida maʼlumot bermagan.
Maʼlumot o‘rnida taʼkidlash joizki, furosemid taqiqlangan ro‘yxatning S5 “Diuretik va niqoblovchi moddalar” guruhiga kiradi. Bu guruhga kiruvchi dori vositalari doimiy ravishda, yaʼni musobaqa va musobaqadan tashqari davrlarda taqiqlanadi.
Salbutamol taqiqlangan ro‘yxatning S3 “Beta-2-agonistlar” guruhiga kiradi. Bu guruhga kiruvchi dori vositalari ham doimiy ravishda, yaʼni musobaqa va musobaqadan tashqari davrlarda taqiqlanadi. Bu guruhga kiruvchi dori vositalari uchun mustasno holatlar mavjud bo‘lib, ayrim dori vositalari maʼlum bir miqdor (doza)gacha taqiqlanmaydi yoki organizmga kiritish usuliga ko‘ra, maʼlum bir doza chegarasida taqiqlanmaydi. Lekin WADAning Laboratoriyalar bo‘yicha xalqaro standarti talablariga ko‘ra, salbutamol taqiqlangan dori vositasi boshqa taqiqlangan dori vositasi bilan birgalikda aniqlanganda, mazkur mustasno holati eʼtiborga olinmasligi taʼkidlangan.
Taʼkidlash joizki, bu taqiqlangan dori moddalari sportchi topshirgan doping sinamada aniqlansa, agar sportchi mazkur moddalarni organizmiga tasodifan yoki boshqa o‘zi bilmagan hamda sportchiga bog‘liq bo‘lmagan holatlar tufayli tushib qolganligini isbotlab bera olmasa, sportchiga odatda 4 yilgacha diskvalifikatsiya (sportdan chetlashtirish) jazosi qo‘llaniladi.
Mazkur holatda, sportchi doping namunasida aniqlangan furosemid va salbutamol taqiqlangan moddalarining uning organizmiga qay tariqa tushganligini aniqlash uchun o‘tkazilgan dastlabki surishtiruv shuni ko‘rsatdiki, sportchi 2023 yilning 1 noyabrida o‘zidagi surunkali buyrak kasalligi tufayli, kam peshob qilish, shuning oqibatida organizmda shishish holatlari kuzatilganligi sababli, Toshkent shahridagi V.Voxidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazining “Buyrak transplantologiyasi va reabilitatsiya bo‘limi”ga murojaat qilgan. U yerda oliy toifali shifokor sportchida peshob kelishini yaxshilash maqsadida siydik haydovchi Diuretik dori vositasi bo‘lgan Furosemidni buyuradi. Ayni vaqtda sportchida o‘tkir resperator virusli kasallik ham bo‘lib, sportchida qattiq burun bitish holati ham bo‘lganligini va mazkur kasallikni yengillatish va davolash uchun bir qator dori vositalari, jumladan, askoril dori vositasini buyuradi. askoril tarkibida esa salbutamol bo‘lgan. Mazkur kasalliklardan davolanish uchun sportchi buyurilgan dori vositalarini qabul qilishni boshlagan.
Sportchi haqidagi maʼlumotlarni o‘rganish shuni ko‘rsatdiki, undagi buyrak bilan bog‘liq kasallik 2017 yil, yaʼni sportchi 13 yoshida bo‘lgan vaqtida boshlanganligi, o‘sha vaqtda u Toshkent tibbiyot akademiyasining I-klinikasi “Bolalar kardiorevmatologiya va nefrologiya bo‘limi”da “O‘tkir glomerulonefrit, nefretik shaklining boshlang‘ich davri, yo‘ldosh kasallik sifatida surunkali tonzillit hamda kamqonlikning yengil darajasi” tashxisi bilan yotib davolanib chiqqan. Shundan buyon, baʼzi-baʼzida xuruj qiladigan buyrak kasalligi uchun, sportchi vaqti-vaqti bilan furosemid dori vositasi qabul qilib kelgan.
Sportchi 2023 yil 1 noyabridan 1 dekabriga qadar V.Voxidov nomidagi RXIAMda “Surunkali piolonefrit, curunkali sistit, 1-bosqichdagi surunkali buyrak kasalligi asorati” tashxisi bilan ambulator holatda davolangan. RXIAMning “Buyrak transplantologiyasi va reabilitatsiya bo‘limi” tomonidan 2023 yilning 13 dekabrdagi Milliy antidoping agentligining terapevtik istisnolar bo‘limi so‘roviga javoban bergan maʼlumotnomasida A.Zelinskayaga “Remissiya bosqichidagi o‘tkir surunkali piyelonefrit, surunkali nefrit, 1 bosqichdagi surunkali buyrak kasalligi asorati yakuniy tashxisi qo‘yilgan. Bu tashxisga esa siyishni osonlashtirish maqsadida yuqorida taʼkidlangan furosemid buyurilgan. Sportchidagi shamollash va yo‘tal uchun shifokor unga “askoril” tabletkasini 8 kun davomida 1 donadan 2 mahal qabul qilishni buyurgan. Furosemidni zarurat bo‘lganda, yaʼni organizmda shishish kuchayib ketganida, kuniga 3 mahaldan bitta tabletka ichishni buyurgan. Natijada sportchi 5, 10, 16 hamda 28 noyabr kunlari mazkur dori vositasini qabul qilgan.
Mazkur ishni o‘rganish davomida, sportchiga doir barcha tibbiy maʼlumotlar to‘plandi va komissiya aʼzolariga havola etildi. Milliy antidoping agentligining Terapevtik istisnolar bo‘yicha komissiya aʼzolari holatni o‘rganib chiqib, sportchi A. Zelinskayaga qo‘yilgan tashxis to‘g‘riligi, unga buyurilgan dori vositalari o‘rinli buyurilganligini tasdiqlashdi. Shunga ko‘ra, sportchiga TI ruxsatnomasi berilishi o‘rinli ekanligi, yaʼni sportchidan olingan doping sinama tahlillarida aniqlangan furosemid hamda salbutamol taqiqlangan dori vositalari ayni kasalliklarni davolash uchun qo‘llanilganligini taʼkidlashdi.
O‘zMADA TI bo‘yicha komissiya aʼzolari ham cportchi qabul qilgan dori vositalari Butunjahon antidoping agentligining Taqiqlangan ro‘yxatiga kiritilganligi, ularni qabul qilganligi haqida o‘z vaqtida sport shifokori yoki murabbiyini ogohlantirishi muhimligini aytib o‘tdi. Lekin mazkur holatda sportchi bu dori vositalarini shoshilinch tarzda qabul qilganligi, ruhiy, jismoniy yuklamalar ostida kuchli stress holatini kechirayotganligi bo‘lishi mumkinligi, shu tufayli Milliy antidoping agentligi TI bo‘limi mutaxassislari va doping nazorati xodimlarini o‘z vaqtida ogohlantirishni unutgan bo‘lishi mumkinligini inobatga olish kerakligini taʼkidlashdi.
Shu tariqa, sportchi A. Zelinskayaga garchi u taqiqlangan dori vositasidan foydalanayotganligi haqida o‘z vaqtida kerakli mutasaddilarni ogohlantirmagan bo‘lsa-da, uning kasalligini davolash birlamchi zarurat bo‘lganligi, kasallik uchun qo‘yilgan tashxis va unga buyurilgan dori vositalari o‘rinli buyurilganligini eʼtiborga olib, unga istisno tarzida retroaktiv TI ruxsatnomasi berishni maʼqulladi.
Shu tariqa O‘zbekiston milliy antidoping agentligi tarixida ilk marotaba uzoq masofalarga suzish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi aʼzosi, A. Zelinskayaga istisno tariqasida Butunjahon antidoping agentligining Terapevtik istisnolar xalqaro standartining 4.1 (a) 4.1 (b) bandlari bo‘yicha calbutamol va furosemid dori vositalaridan retroaktiv tarzda foydalanishga ruxsat berishga qaror qilindi.
Sportchi va uning murabbiyiga Taqiqlangan ro‘yxat va undan foydalanishning oqibatlari haqida batafsil tushuntirildi hamda mazkur holat keyinchalik yana takrorlansa, sportchiga taqiqlangan moddalardan TI tarzida foydalanishni rad etishga olib kelishligi haqida ogohlantirildi.