Butunjahon antidoping agentligi (WADA) tomonidan mamlakatlardagi antidoping tashkilotlari faoliyatini monitoring qilish maqsadida audit tekshiruvini o‘tkazib keladi.
O‘zbekiston dunyodagi rivojlangan mamlakatlarning birinchi guruhiga qo‘shilishi ortidan WADA vakillari tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi. Jumladan, ADAMS tizimi bo‘yicha qilinayotgan ishlar, doping test olish jarayoni to‘g‘ri amalga oshirilayotganligi, natijalarni boshqarish yani dopingga tushgan sportchilarga chiqarilgan qarorlar to‘g‘riligi, terapevtik istisno arizalari to‘g‘ri ko‘rib chiqilayotganligi, sportchilar, murabbiylar va ularning vakillariga antidoping taʼlimini to‘g‘ri yetkazish, sohadagi shaxsiy maʼlumotlar xavfsizligi va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha o‘rganish ishlarini olib bordi.
O‘rganishlar natijasi bo‘yicha WADA mutaxassislari dastlabki, biz uchun ijobiy bo‘lgan xulosalarni berishdi. Yakuniy xulosa esa taqdim etilgan hujjatlar qayta ko‘rib chiqilgandan so‘ng eʼlon qilinadi.
Agar, Milliy antidoping tashkilotlari WADAning audit tekshiruvidan o‘tolmasa nima bo‘ladi? Gap shundaki UNESCO konvensiyasiga qo‘shilgan mamlakatlar xalqaro sport musobaqalarda ishtirok etishi uchun bir muncha cheklovlar o‘rnatiladi. Misol uchun, Olimpiya o‘yinlari, jahon chempionati va boshqa xalqaro turnirlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan va sovrindor bo‘lgan sportchilar sharafiga davlat madhiyasi yangramasligi, bayrog‘i ko‘tarilmasligi yoki musobaqalarga qo‘yilmaslik kabi ko‘plab asoratlarga olib keladi.
Misol uchun yaqinda eʼlon qilingan xabarlarga ko‘ra, WADAning audit tekshiruvidan o‘tolmagan so‘ngi mamlakatlar Panama, Namibiya, Samoa, Senegal davlatlarga nisbatan yuqoridagi kabi cheklovlar o‘rnatilgan. Bu cheklovlar olib tashlanishi mamlakatlarda o‘sha holatlar tuzatilishi va qayta yo‘l qo‘yilmaslik darajasiga qarab 2 yildan 5 yilgacha oralig‘ida olib tashlanishi mumkin. Bundan tashqari, Pokiston, Urugvay va Uganda kabi mamlakatlarga qaror eʼlon qilinishi kutilmoqda.