Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 25-26-oktyabr kunlari Fransiyaning Parij shahrida joylashgan YUNESKO Bosh qarorgohida Sportda dopingga qarshi kurash bo‘yicha Xalqaro konvensiyasiga aʼzo davlatlarning IX Sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda.
Har ikki yilda bir marotaba o‘tkaziladigan Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligi direktori Abdushukur Sadikov mamlakat nomidan ishtirok etmoqda. 25-oktyabr kuni sessiyaning birinchi kunida ochilish marosimi o‘tkazildi va sessiyada belgilangan masalalar yuzasidan muxokamalar bo‘lib o‘tdi.
Kecha O‘zbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligi direktori Abdushukur Sadikov bir qator nufuzli tashkilot rahbarlari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Jumladan, A.Sadikov Butunjahon antidoping agentligi bosh direktori Olivye Niggli bilan uchrashdi.
“Mamlakatimizda barcha sohalar kabi antidoping sohasiga ham hukumat darajasida juda katta eʼtibor qaratilayotganligi, buning natijasi o‘laroq O‘zbekistonda doping aniqlanishlar soni keskin kamayib bormoqda”, - dedi A.Sadikov. O‘z navbatida Olivye Niggli O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi Mintaqaviy antidoping tashkiloti (RADOCA)ga aʼzo davlatlar orasida nufuzli natijalarni ko‘rsatayotganligini alohida taʼkidlab o‘tdi.
Shuningdek, Xalqaro testlash agentligi (ITA) Xalqaro aloqalar bo‘yicha katta menejeri, Daniya Milliy antidoping agentligi direktori Michael Ask bilan ham uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda, xalqaro darajadagi doping nazorati xodimlari sonini yana-da ko‘paytirish va xalqaro darajadagi musobaqalarda vakillarimizni ishtirokini taʼminlash yuzasidan muhokama bo‘lib o‘tdi.