Butunjahon antidoping agentligi (WADA) xalqaro tashkilot bo‘lib, ayrim mamlakatlardagi o‘z ishini mintaqaviy va milliy antidoping tashkilotlari (RADO va NADO)ga topshiradi va bu tashkilotlar Butunjahon antidoping kodeksiga rioya qiladi. Mintaqalarda joylashgan davlatlar ushbu tashkilotlar tarkibiga kiradi.
Odatda har yili Mintaqaviy antidoping tashkiloti (RADOCA)ga aʼzo mamlakatlar o‘z mintaqalarida hisobot yig‘ilishlarini o‘tkazishadi. O‘zbekiston mintaqadagi joylashuviga ko‘ra Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Afg‘oniston, Mo‘g‘iliston, Tojikiston davlatlari bilan RADOCA tarkibiga kiradi. RADOCA yig‘ilishi 2023-yil sentyabr oyida Toshkent shahrida o‘tkazilgan edi. 2024-yilgi hisobot yig‘ilishi ham aynan O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi mezbonligida bo‘lib o‘tdi.
Bugun Sport vazirligi majlislar zalida ushbu tashkilotning yillik hisobot yig‘ilishi o‘tkazildi. Dastlab Milliy antidoping agentliklari tomonidan amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hisoboti tinglandi. Shundan so‘ng, yechimini topmayotgan, ko‘p davlatlarda yuzaga kelayotgan muammoli masalalar bo‘yicha takliflar eshitildi va kerakli tavsiyalar berildi.
Yig‘ilishda ishtirok etgan WADA rahbariyati bunday yig‘ilishlarni ko‘proq tashkil qilish, fikr almashish va masalalarni birgalikda hal qilish kerakligini taʼkidlab o‘tdi.