O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi tomonidan O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi bilan hamkorlikda “Dopingga qarshi kurash” mavzusida onlayn yig‘ilish tashkil etildi.
Yig‘ilishda 2023-2024 yillarda o‘tkazilgan milliy musobaqalar tahlili hamda ularda doping nazorati va uning natijalari to‘g‘risida taqdimot o‘tkazildi. Qayd etilishicha, 2024 yilda o‘tkazilgan 5 ta milliy musobaqalarda umumiy ishtirokchilar soni 1010 nafarni tashkil etgan va bu 2023 yilga (987 nafar) nisbatan 2,33 foizga ko‘p hisoblanadi.
Shuningdek, Butunjahon antidoping agentligi (VADA) tomonidan sportchi va trenerlardan xalqaro musobaqalarda talab qilinayotgan maxsus sertifikat bo‘yicha maʼlumot berildi, yurtimizda ham bu borada ishlar faol yo‘lga qo‘yilgani to‘g‘risida so‘z yuritildi. Eʼtiborlisi, O‘zbekiston sport federatsiyalari orasida birinchi bo‘lib UzNADAning maxsus sertifikati bo‘yicha aynan Og‘ir atletika federatsiyasi tashabbus bilan chiqayotgani alohida eʼtirof etildi.
Seminar davomida yangi ishga tushirilgan Antidoping taʼlim elektron platformasini yaratishdan maqsad sportchilarni antidoping taʼlimoti bilan taʼminlash va bilmagan holda antidoping qoidabuzarliklarining sodir etilishining oldini olish hamda halol sport tamoyilini amalga oshirishdan iborat ekanligini aytdi.
Yig‘ilish yakunida Og‘ir atletika federatsiyasi tomonidan o‘tkaziladigan barcha musobaqalarda sportchilar va murabbiylar maxsus antidoping sertifikatini olgan holda ishtirok etishi mumkinligi taʼkidlandi.