Davlatimiz rahbarining “Maʼmuriy islohotlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligi faoliyatini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Mazkur qaror bilan sportda doping qo‘llanishining oldini olish va sportchi, murabbiy va sport shifokorlariga antidoping qoidalarini o‘rgatish, doping nazoratini amalga oshirish borasida trenerlar va tibbiyot xodimlari uchun ilmiy-amaliy konferensiya va malaka oshirish kurslarini tashkil etish, sportchilarni huquq va majburiyatlarini o‘rgatish vazifalari yuklatilgan.
Shu maqsadda Agentlik tomonidan Respublikamizdagi sport taʼlim muassasalari, federatsiya va assotsiatsiyalarda faoliyat olib borayotgan sportchilar, murabbiylar va sport shifokorlariga reja grafik asosida antidoping qoidabuzarlik yuzasidan o‘quv-seminarlar tashkil etib kelinmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yangidan qurib foydalanishga topshirilgan Bahodir Jalolov nomidagi boksga ixtisoslashtirilgan sport maktabida tahsil olayotgan yosh sportchilar va sport shifokorlari ishtirokida o‘quv seminar tashkil etildi.
Seminar davomida “Antidoping taʼlim elektron platformasi” shuningdek, O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan dori vositalari tarkibida taqiqlangan moddalar mavjudligini tekshirish uchun mo‘ljallangan “Sportda taqiqlangan moddalarni tekshirish milliy platforma”si bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.
Bo‘lajak chempionlar kelajakda mamlakat bayrog‘ini jahon arenalarida ko‘tarib halol g‘alabalarga erishishi uchun hozirdan ularga antidoping qoidabuzarlik holatlari bo‘yicha tushunchalar berib borish lozim. Sportchilarga jismoniy mashg‘ulotlarning o‘zi kamlik qiladi. Ularga nazariy bilimlar bilan bir qatorda antidoping sohasida huquq va majburiyatlarini ham eslatib o‘tish kerak.