Joriy yilning iyul-sentyabr oylari oralig‘ida Tokio shahrida XXXII yozgi olimpiya va XVI paralimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
To‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasi bo‘lgan ushbu ikki sport tadbirida mamlakatimiz sharafini yana-da yuksaltirishga intilayotgan sportchilarimiz uchun keng imkoniyat, qulay sharoitlar yaratilmoqda. Ularning yuqori marralarni egallashi esa xalqimiz qalbini g‘urur va iftixorga to‘ldiradi.
Davlatimiz rahbari ushbu yirik musobaqalarda sportchilarimizning har tomonlama tayyorgarligi va muvaffaqiyatli ishtirokini taʼminlash, oltin, kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritgan sportchilarni moddiy qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, mamlakatimizda Olimpiya va Paralimpiya harakatlarini yana-da rivojlantirish maqsadida joriy yilning 25 iyun kuni “2021 yilda Tokio shahrida (Yaponiya) bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi olimpiya va XVI paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sport delegatsiyasining ishtirokini taʼminlash hamda olimpiya sport turlarini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Qarorda Milliy antidoping agentligiga sportchilar tomonidan antidoping qoidalariga qatʼiy rioya qilinishi ustidan samarali nazoratni amalga oshirish, O‘zbekiston sport delegatsiyasini antidoping mavzulariga oid tegishli o‘quv-axborot materiallari va turli ko‘rgazmali maʼlumotlar bilan taʼminlash kabi vazifalar belgilandi.
Ushbu qarorda berilgan vazifalar ijrosi, sportchilarimizni dopingdan asrash, Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga ko‘rilayotgan tayyorgarlik haqida O‘zA muxbiri Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi bosh direktori Nodirjon TURSUNOV bilan suhbatlashdi.
– Bugungi kunda sportchilarimizni doping muammosidan asrash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tsangiz.
– Sportchilarimizni dopingdan asrash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilyapti. Jumladan, sportchilar, murabbiylar va sport shifokorlari uchun antidoping o‘quv-seminarlari o‘tkazilib, dopingga qarshi kurashga oid turli mavzularda taqdimotlar, davra suhbatlari uyushtirilmoqda. Ushbu seminarlar bevosita sportchilarning o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari hamda karantin tartibini hisobga olgan xolda onlayn shaklda tashkil etilmoqda. Yil boshidan 37 ta milliy sport federatsiyasiga qarashli 1 ming 112 sportchi, 214 murabbiy va 34 tibbiyot xodimi ushbu seminarlarda ishtirok etdi. Turizm va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport mutaxassislari malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti professor-o‘qituvchilari bilan hamkorlikda institut tinglovchilari bilan 16 ta uchrashuv uyushtirilib, tinglovchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berildi.
– Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga qanday tayyorgarlik ko‘rilmoqda?
– “Tokio-2020” Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga ikki bosqichda tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda. Birinchi bosqichda litsenziyaga ega barcha sportchilar (hozirda 73 Olimpiya va 43 Paralimpiya sportchilari), murabbiylar uchun antidoping sohasiga tegishli elektron o‘quv-axborot materiallari tayyorlanib, taqdim etildi. Materiallar noutbuk, planshet va smartfonlar orqali o‘rganish va ko‘rib chiqish uchun moslashtirilgan.
Materiallar ichida "Taqiqlangan Ro‘yxat - 2021", "Butunjahon antidoping kodeksidan iqtiboslar", "11 antidoping qoidabuzarliklari", "Dopingdan saqlanish uchun 10 qoida", "ADAMS tizimida ishlash bo‘yicha yo‘riqnoma", "O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi bilan tunu kun aloqaga chiqish uslublari", "Dopingga tushib qolmaslik uchun nima qilish kerak" kabi eslatma, yo‘riqnoma va boshqa foydali adabiyotlar mavjud. Va bu yo‘riqnomalar foydalanuvchilar uchun tushunarli qilib berilgan. Qo‘llanmalar bo‘yicha tushunarsiz holatlar bo‘lsa, agentligimiz tomonidan aniq ko‘rsatma va tushuntirish ishlari olib boriladi. Ikkinchi bosqichda esa Butunjahon antidoping agentligi hamda Xalqaro olimpiya va paralimpiya qo‘mitalarining murojaatiga ko‘ra, litsenziya olgan barcha sportchilardan yanvar-iyun oylarida 3 marta doping-sinamalar olish ishlari olib borilib, hozirgi kunga kelib sportchilarimizdan 270 dan ortiq doping-sinamalar olindi. Bu ishlarning asosiy maqsadi – “Tokio-2020” o‘yinlariga sof va halol, dopingdan holi sportchilarning ishtirokini taʼminlashdir. Olingan sinamalar manfiy natija ko‘rsatib, ularning birontasida taqiqlangan doping moddalari aniqlanmadi.
– Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgan sportchilarimiz uchun agentlik tomonidan qanday ko‘rsatmalar berilmoqda?
– Olimpiya o‘yinlari boshlanishiga ham sanoqli kunlar qoldi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi mutaxassislari sportchilarimizga va ularga hamrohlik qiluvchi Milliy olimpiya sport delegatsiyasi rasmiylariga u yerda ichimlik va yeguliklarni isteʼmol qilishda o‘ta ehtiyot bo‘lishini, boshqa sportchilar bilan imkon qadar bevosita aloqa uyushtirmasliklarini, salomatliklarida o‘zgarish sezsa faqat jamoa shifokori bilan maslahatlashgan holda dori vositalari va davolash muolajalarini qabul qilishini tavsiya etmoqda. Doping yoki taqiqlangan moddalarning tana ichiga tasodifan kirmasligi uchun sportchilarimiz ogoh bo‘lishi va o‘zlarini asrashi zarur.
– Umuman olganda, qaysi sport turlarida doping xavfi kattaroq va Milliy antidoping agentligi tomonidan ushbu sport yo‘nalishidagilar nazoratga olinganmi?
– Maʼlumki, deyarli barcha sport turlarida doping xavfi mavjud, faqat ular xilma-xilligi bilan ajralib turadi. Yaʼni, u yoki bu sport turiga ko‘ra kuch-quvvatni, mushak hajmini, chaqqonlikni, ishchanlik va chidamlilikni oshiruvchi, ruhiy xotirjamlikni taʼminlovchi doping moddalari qo‘llaniladi. Butunjahon antidoping agentligi maʼlumotiga ko‘ra, yengil atletika, og‘ir atletika, yakka kurash sport turlari, velosport va suzish sport turlarida doping isteʼmol qilish holatlari nisbatan ko‘proq uchraydi. Shuning uchun Agentligimiz ham aynan shu sport turlari bo‘yicha federatsiya sportchilari, murabbiylari va tibbiyot xodimlari bilan ko‘proq muloqotda bo‘lib, ularga uslubiy yordam bermoqda.