Butunjahon antidoping Kodeksining 10-moddasiga muvofiq, jami 11 turdagi antidoping qoidabuzarliklar ajratiladi. Bularning ichida nafaqat taqiqlangan moddani isteʼmol qilish, balki uni saqlash, tarqatish, isteʼmol qilishga daʼvat qilish, ADAMS tizimiga belgilangan vaqtda maʼulmotlarni kiritmaslik yoki soxta, to‘liqsiz maʼlumotlarni kiritish, ADAMS tizimida ko‘rsatilgan manzilda bo‘lmaslik va aloqaga chiqmaslik, antidoping qoidabuzarligi haqida xabar bergan shaxslarga nisbatan tazyiq o‘tkazish kabilar kiradi.
Ularning barchasi yuzasidan WADA Butunjahon antidoping agentligining Testlash va tergov-surishtiruv bo‘yicha xalqaro standartida belgilangan tartibda dastlabki tekshiruvlar o‘tkazilib, natija materiallari milliy antidoping agentliklari va xalqaro federatsiyalar huzuridagi Axloq bo‘yicha komissiyalarga ko‘rib chiqish va yakuniy xulosa chiqarish uchun taqdim etiladi. Har bir antidoping qoidabuzarligi tasdiqlangan taqdirda, uning og‘irligi va ijtimoiy taʼsiriga ko‘ra sodir etgan sportchi, murabbiy, tibbiy va boshqa personal hamda umuman sport tashkilotiga nisbatan maʼlum jazo chorasi qo‘llaniladi.
Jazo turlari sportdan muayyan muddatga chetlashtirish (bir necha oydan boshlab to umrbod muddatgacha), turli miqdorda pullik shtraflarni belgilash va boshqalardan iborat bo‘lishi mumkin.