Belarus davlatining sport va turizm vaziri Sergey Kovalchuk 2023-yili oʻtadigan II MDH davlatlari oʻyinlari mamlakatning toʻqqizta shahrida oʻtishi borasida jurnalistlarga intervyu berdi.
Uning soʻzlariga koʻra, II MDH davlatlari oʻyinlari 2023-yil 3-15-avgust kunlari boʻlib oʻtishi tasdiqlandi.
Oʻyinlar dasturiga binoan Minskda sportning voleybol, badiiy gimnastika, yengil atletika, sohil futboli, sohil voleyboli, zamonaviy beshkurash va oʻq otish bahslari, Grodno shahrida 3x3 basketbol va ogʻir atletika musobaqalari, Soligorskda erkin, yunon-rum va ayollar kurashi, Brest shahrida qoʻl toʻpi, Orsha shahrida basketbol va tay-boks, Borisov shaharchasida mini-futbol, Mogilevda suzish hamda kamondan otish, Jlobinda dzyudo va sambo bellashuvlari oʻtkazilishi belgilangan. Bu haqda Belarus axborot vositalari xabar tarqatdi.
Eslatib oʻtamiz, MDH davlatlarining birinchi oʻyinlari oʻtgan yilning sentyabrida Tatariston poytaxti Qozonda boʻlib oʻtgandi. Mazkur musobaqalarda Oʻzbekiston sport delegatsiyasi 23 ta oltin, 32 ta kumush, 35 ta bronza, jami 90 medallar shodasi bilan umumjamoa hisobida ikkinchi oʻrinni egallagan.