Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-fevraldagi “Oʻzbekiston sportchilarining navbatdagi yozgi va qishki Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etishi uchun tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish toʻgʻrisida”gi PQ–127-son qaroriga muvofiq, shuningdek, sport kurashlarini olimpiya sport turlari sifatida ommalashtirish, yoshlar orasidan sportchilarni saralab olish tizimini yaxshilash, milliy terma jamoalarimizning nufuzli sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishishini taʼminlash maqsadida:
1. Quyidagilar 2022-2024-yillarda sport kurashlarining olimpiya turlarini (erkin kurash va yunon-rum kurashi) (keyingi oʻrinlarda – sport kurashlari) rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
sport kurashlarini aholi oʻrtasida keng targʻib qilish, iqtidorli sportchilarni, shu jumladan, sportchi ayollarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlashning yangi tizimini yoʻlga qoʻyish;
xotin-qizlarning sport kurashlari bilan shugʻullanishi va professional sportchi boʻlishi uchun ularni jalb qilish boʻyicha keng tashkiliy-amaliy va targʻibot-tashviqot ishlarini amalga oshirish;
sportchilarni zamonaviy ilmiy-metodik tavsiyalar asosida tayyorlash orqali oʻquv-mashq jarayonini tashkil qilish, ularning nazariy tayyorgarlik va texnik-taktik koʻnikmalarini takomillashtirish, professional mahoratini shakllantirish, bu borada natijador xorijiy trenerlar, hakamlar va mutaxassislarni taklif qilish;
Birlashgan kurash dunyosi trenerlari va hakamlarini oʻqitish dasturlaridan foydalanish orqali professional trenerlar va hakamlarni tayyorlash hamda ularning malakasini tizimli asosda oshirib borish;
sport kurashlari boʻyicha mahalliy va xalqaro musobaqalarni tizimli ravishda tashkil qilish, xalqaro musobaqalarda ishtirok etish, shu jumladan, Olimpiya va Osiyo oʻyinlarida qatnashish huquqini beruvchi litsenziyalarni qoʻlga kiritish va har Olimpiya va Osiyo oʻyinlari siklida ularning sonini koʻpaytirib borish;
sportchilarning professional mahoratini va trenerlarning kasbiy malakasini oshirish uchun sport kurashlari boʻyicha xorijiy maktablar bilan hamkorlikni rivojlantirish va tajriba almashish, sport kurashlarini rivojlangan mamlakatlar bilan raqobat qila oladigan darajaga yetkazish.
2. Sport kurashlarining olimpiya turlarini 2022-2024-yillarda kengroq rivojlantirish dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Quyidagilar dasturni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasida nazarda tutiladigan mablagʻlar;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar viloyat byudjetlari va Toshkent shahri shahar byudjeti mablagʻlari;
sport federatsiya (assotsiatsiya)lari, jamgʻarmalar, klublar, shuningdek, jismoniy tarbiya va sport jamiyatlari mablagʻlari;
yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
3. Belgilab qoʻyilsinki, 2023-yildan boshlab har yili anʼanaviy tarzda sport kurashlari boʻyicha erkaklar va ayollar jamoalari oʻrtasida navbatma-navbat respublikaning barcha hududlarida (olimpiya va xalqaro vazn toifalari boʻyicha):
yoshlar oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro sport musobaqalari;
oʻsmirlar oʻrtasida “Uzbekistan-Grand Prix” xalqaro sport musobaqalari;
kattalar oʻrtasida “New Uzbekistan” xalqaro sport musobaqalari;
Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida “Vazir kubogi”, Davlat xavfsizlik xizmati tizimida “Rais kubogi”, Milliy gvardiya tizimida “Qoʻmondon kubogi”, mahalliy davlat hokimiyati organlari tizimida “Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi kubogi”, “Viloyat hokimi kubogi” va “Toshkent shahri hokimi kubogi” musobaqalari oʻtkaziladi.
Sportni rivojlantirish vazirligi (Sh.Maxmudov) Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi (O.Qosimov), Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi (S.Abduvaliyev), tegishli masʼul vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
uch oy muddatda ushbu bandda koʻrsatilgan musobaqalarga puxta tayyorgarlik koʻrish va ularni yuqori saviyada oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin;
xalqaro sport musobaqalari 2023-yil 1-yanvardan boshlab sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika kalendar rejasiga kiritilishini taʼminlasin;
xalqaro sport musobaqalarida mahalliy kurashchilar bilan birgalikda yuqori reytingga ega boʻlgan chet ellik kuchli kurashchilar, xalqaro darajadagi trenerlar va hakamlarning ishtirokini taʼminlasin;
yuqoridagi musobaqalarni oʻtkazish jarayonini mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida hamda boshqa kommunikatsiya manbalarida keng yoritsin.
Turizm va madaniy meros vazirligi (B.Ibragimov) yuqoridagi musobaqalarni turistik marshrutlar obyektlari roʻyxatiga kiritsin, ularga xorijiy va mahalliy turistlarni jalb etish choralarini koʻrsin.
4. Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari:
oʻz tizimlarida faoliyat koʻrsatayotgan xodimlar oʻrtasida uch bosqichli (tuman/shahar, viloyat va respublika) “Vazir kubogi”, “Rais kubogi”, “Qoʻmondon kubogi”, “Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi kubogi”, “Viloyat hokimi kubogi” va “Toshkent shahri hokimi kubogi” sport musobaqalari oʻtkazilishini taʼminlasin, shuningdek, gʻolib va sovrindorlarni munosib ragʻbatlantirish choralarini koʻrsin;
mazkur qarorga muvofiq Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan xalqaro sport musobaqalarining yuqori saviyada tashkil etilishida Sportni rivojlantirish vazirligi va Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasiga har tomonlama yaqindan yordam koʻrsatsin.
5. Sportni rivojlantirish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasining:
oʻrta maxsus, professional hamda oliy taʼlim tashkilotlari oʻquvchi va talabalari oʻrtasida uyushtiriladigan “Barkamol avlod” va “Universiada” sport musobaqalarining dasturlariga sport kurashlarini kiritish;
2023/2024 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida sport kurashlari boʻyicha oʻqishga qabul qilishning amaldagi davlat buyurtmasi parametrlarini bosqichma-bosqich oshirib borish haqidagi takliflari maʼqullansin.
6. Sportni rivojlantirish vazirligi (Sh.Maxmudov) Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi (O.Qosimov) va Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi (S.Abduvaliyev) bilan birgalikda:
a) 2023-yildan boshlab:
sport maktablari, olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarida sport kurashlarining kamida bitta turi boʻyicha, shuningdek, ixtisoslashtirilgan sport maktablarida sport kurashlarining ikkita turi boʻyicha seksiya va boʻlimlar tashkil etsin. Bunda mazkur seksiya va boʻlimlarni tashkil qilishga sobiq bolalar-oʻsmirlar sport maktablari va ularning filiallarini maqbullashtirish va ular xodimlarini qisqartirish natijasida boʻshab qolgan byudjet mablagʻlari yoʻnaltiriladi;
sport kurashlari boʻyicha Oʻzbekiston chempionatlari va kuboklari gʻoliblari va sovrindorlarining (1-3-oʻrinlar), qoida tariqasida, birinchi navbatda xalqaro sport musobaqalari va oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarida ishtirok etishini taʼminlasin;
sport kurashlari boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoalari va ularning zaxira tarkiblarining mahalliy sportchilardan shakllantirilishiga alohida eʼtibor qaratsin;
sport kurashlari boʻyicha Oʻzbekiston chempionatlari va kuboklarida ishtirok etadigan sportchilarning natijalari xorijiy malakali hakamlar tomonidan baholanishini yoʻlga qoʻysin;
b) sport kurashlari boʻyicha milliy terma jamoalarning bosh trenerlari ishtirokida hududlarda yil davomida iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlash sifatini yangi bosqichga koʻtarishga qaratilgan oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini tashkil etsin;
v) zamonaviy ilmiy yutuqlar va innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda trener, hakam va boshqa mutaxassislarning kasbiy mahoratini doimiy oshirib borish maqsadida mahalliy va xorijiy mutaxassislar ishtirokida seminarlar, mahorat darslari, oʻquv mashgʻulotlari tashkil etsin.
7. 2022-2024-yillarda sport kurashlarining olimpiya turlarini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi va Sportni rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda:
Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasining hududiy boʻlinmalari toʻlaqonli faoliyat yuritishi uchun zarur choralarni koʻrsin, shu jumladan, ularning moliyaviy va moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga koʻmaklashsin;
aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish va sport kurashlarini ommalashtirish maqsadida tuman (shahar) va viloyat miqyosida havaskorlar oʻrtasida sport kurashlari boʻyicha musobaqalarni muntazam tashkil qilsin va ushbu maqsadlar uchun tegishli mahalliy byudjetlarning qoʻshimcha daromadlari hisobidan mablagʻ yoʻnaltirsin;
2022-2023-yillarda har bir tuman (shahar)da sport kurashlari boʻyicha havaskor va professional sportchilardan iborat boʻlgan klublarni tashkil qilsin;
mahalliy yosh trenerlar va istiqbolli sportchilarning sport kurashlari boʻyicha xorijiy mamlakatlarda tashkil etiladigan oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari va sport musobaqalarida ishtirok etishi bilan bogʻliq jarayonlarni tegishli mahalliy byudjetlarning daromadlar rejasidan orttirib bajarilgan qismi hisobidan moliyalashtirsin.
9. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.Xadjayev), Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (A.Koʻchimov):
sport kurashlari boʻyicha oʻtkaziladigan jahon, qitʼa chempionatlari, xalqaro musobaqalarni, shu jumladan, Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan viloyat va respublika birinchiliklari hamda xalqaro sport musobaqalarini muntazam ravishda yoritish choralarini koʻrsin;
mazkur qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini yoritishga oid tele- va radio dasturlar, sportchilarning professional faoliyati haqida maxsus koʻrsatuvlar va maqolalar tayyorlasin, oʻtkaziladigan brifing va press-konferensiyalarni yoritib borsin.
10. Milliy antidoping agentligi (A.Sadikov) bir oy muddatda sport kurashlari boʻyicha quyidagilarni nazarda tutuvchi dasturni tasdiqlasin va amaliyotga joriy qilsin:
sportchilar va trenerlarni “shaffof sport”ga targʻib qilish;
sportda farmakologik taʼsirga ega dori preparatlari va boshqa moddalardan toʻgʻri foydalanish borasida sportchilar, trenerlarning madaniyati va savodxonligini oshirish tadbirlarini oʻtkazish;
sportchilarni antidoping mavzulariga oid tegishli oʻquv-axborot materiallari va turli koʻrgazmali maʼlumotlar bilan taʼminlash;
sportchilar tomonidan antidoping qoidalariga qatʼiy rioya qilinishi ustidan samarali antidoping nazoratini amalga oshirish.
11. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sportni rivojlantirish vaziri A.I. Ikramov, sportni rivojlantirish vaziri oʻrinbosari Sh.Sh. Maxmudov hamda Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi raisi S.K. Abduvaliyev belgilansin va ularga quyidagi vazifalar yuklansin:
iqtidorli yoshlarni tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni professional sport kurashchilari sifatida tayyorlash ishlarini samarali tashkil qilish va muvofiqlashtirish;
hududlarda sport kurashlari infratuzilmasini barpo etish va kengaytirish boʻyicha investitsiya va grant mablagʻlarini jalb qilish, boshqa zarur chora-tadbirlarni belgilash;
sport kurashlarini taʼlim muassasalari, yoshlar oʻrtasida keng targʻib qilish orqali ommalashtirish, aholining ushbu sport turiga qiziqishini oshirish;
sport kurashlari boʻyicha musobaqalarni oʻtkazish, ushbu yoʻnalishda xalqaro va chet el tashkilotlari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalarini jalb qilish;
2022-2024-yillarda sport kurashlarining olimpiya turlarini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlariga toʻlaqonli erishish;
ushbu qarorda belgilangan vazifalar ijrosini har yarim yilda kamida bir marta tanqidiy muhokama qilish, zarur chora-tadbirlarni belgilash.
12. Mazkur qaror ijrosini muhokama qilib borish, masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2022-yil 29-iyul