eye

Agentlik yangiliklari

Agentlik yangiliklari

Shaxmatni yanada ommalashtirish va rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

30 iyun – O‘zbekiston Respublikasiyoshlari kuni munosabati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda belgilab berilgan vazifalarning ijrosini ta’minlash, iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni professionalshaxmatga jalb qilish, nufuzli xalqaro shaxmat musobaqalarida sovrinli o‘rinlarni egallash, jahon standartlariga mos keladigan shaxmat infratuzilmasini kengaytirish, shuningdek, Shaxmatni 2025 yilgacha rivojlantirish davlat dasturini izchil amalga oshirish maqsadida:

1. Navoiy viloyati, Qiziltepa tumani, “To‘dako‘l” dam olish bazasi hududida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan maktabdan tashqari davlat sport-ta’lim muassasasi hisoblangan Xalqaro shaxmat maktabi tashkil qilinsin.

2. Quyidagilar Xalqaro shaxmat maktabining asosiy vazifalari etib belgilansin:

zarur shaxmat anjomlari va uskunalari bilan jihozlangan, zamonaviy xalqaro talablar va standartlarga javob beradigan moddiy-texnik hamda o‘quv-mashg‘ulot bazalarini yaratish va turli darajadagi xalqaro va mintaqaviy musobaqalar – Shaxmat olimpiadasi va Osiyo o‘yinlari, Jahon va Osiyo chempionatlari, universiadalar hamda boshqa musobaqalarda O‘zbekistonning sharafini munosib himoya qilishga qodir bo‘lgan xalqaro darajadagi shaxmatchilarni tayyorlash;

xalqaro darajadagi shaxmatchilarni tayyorlash uchun shaxmat bo‘yicha yuqori malakali mutaxassis-trenerlar, psixologlar va uslubchilarni, shu jumladan, jahonning mashhur xalqaro grossmeysterlarini keng jalb etish orqali trenerlar tarkibini mustahkamlash;

shaxmatchilarning o‘quv-mashg‘ulot jarayonini xalqaro standartlar darajasida tashkil etish, ilg‘or xalqaro tajribani hisobga olgan holda, o‘quv-mashq jarayonlariga eng yangi ilmiy-uslubiy texnologiyalarni joriy etish yo‘li bilan shaxmatchilarni nazariy va texnik-taktik jihatdan tayyorlash sifatini muntazam oshirib borish;

shaxmat bo‘yicha terma jamoalar va ularning zaxiralari ishtirokida o‘quv-mashq yig‘inlari, respublika va mintaqaviy musobaqalarni tashkil etish hamda muntazam ravishda o‘tkazib borish, trenerlar hamda shaxmatchilarning kasb mahorati darajasini oshirish uchun tajriba almashish bo‘yicha xorijiy shaxmat maktablari, klublari va markazlari bilan hamkorlikni rivojlantirish;

O‘zbekistonda shaxmatni rivojlantirishni xalqaro talablar va standartlarga moslashtirish, o‘g‘il bolalar va qizlarni shaxmatga jalb qilish va ularning ushbu sport turiga qiziqishini kuchaytirish, shaxmatchilarning professional mahoratini doimiy ravishda oshirib borish.

3. Quyidagilar Xalqaro shaxmat maktabi faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

Davlat byudjeti mablag‘lari;

faoliyat ixtisosligi bo‘yicha tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan va maktabning ustavidagi vazifalarga muvofiq bo‘lgan boshqa faoliyat turlaridan olingan daromadlar;

yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

4. O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi hamda Sportni rivojlantirish vazirligining har yili o‘tkazib kelinayotgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro shaxmat turnirining final bosqichini 2023 yildan boshlab Xalqaro shaxmat maktabida o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

5. Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 14 yanvardagi “Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–4954-son qarorida belgilangan turnirlar va musobaqalar bilan bir qatorda qo‘shimcha ravishda quyidagi musobaqalar 2023 yildan boshlab har yili tizimli ravishda o‘tkaziladi:

Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda yoshlar o‘rtasida barcha hududlarda “Rokirovka” turniri;

Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi bilan birgalikda keksa avlod vakillari o‘rtasida “Nuroniylar” kubogi uchun;

O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi, Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi bilan birgalikda nogironligi bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasida “Cheksiz imkon” turniri;

Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi bilan birgalikda Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan 50 000 AQSH dollari miqdorida mukofot fondiga ega “Women’s Chess Championship” xalqaro turniri;

Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar shaxmatchilari o‘rtasida an’anaviy “Uzbekistan Chess Open” xalqaro turniri.

Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov) Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi (A.Sa’dullayev), O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi (M.Tashxodjayev), Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi (A.Inakov), Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi (Z.Mahkamova), Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi (S.Turdiyev), Tashqi ishlar vazirligi (V.Norov) bilan birgalikda mazkur bandda ko‘rsatilgan:

musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin;

tegishli musobaqalar 2023 yil 1 yanvardan boshlab sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika kalendar rejasiga kiritilishini ta’minlasin;

musobaqalarni o‘tkazish jarayonini mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari hamda boshqa kommunikatsiya manbalarida keng yoritsin.

Turizm va madaniy meros vazirligi (B.Ibragimov) mazkur bandda ko‘rsatilgan musobaqalarni turistik marshrutlar ob’ektlari ro‘yxatiga kiritsin, ularga xorijiy va mahalliy turistlarni jalb etish choralarini ko‘rsin.

6. Xalq ta’limi vazirligi (B.Saidov), Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.Toshkulov), Prezident ta’lim muassasalari agentligi (X.Umarova), O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi, Yoshlar ishlari agentligi (A.Sa’dullayev) 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim maktablari, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim muassasalari hamda hududlardagi Yoshlar markazlarida shaxmat to‘garaklari faoliyatini yo‘lga qo‘ysin.

7. O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi, Yoshlar ishlari agentligi (A.Sa’dullayev), Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov), Navoiy viloyat hokimligi (N.Tursunov), “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ (Q.Sanaqulov):

har yili Xalqaro shaxmat maktabida jahonning mashhur xalqaro grossmeysterlari ishtirokida yosh shaxmatchilar uchun trening va mahorat darslarini o‘z ichiga olgan mavsumiy oromgohlar tashkil etish;

“To‘dako‘l” брендини ishlab chiqish va targ‘ib qilish orqali Xalqaro shaxmat maktabi faoliyatini ommalashtirish choralarini ko‘rsin.

8. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi hamda Sportni rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan kreativ ko‘rgazmali uslublardan foydalangan holda jamoat joylari va istirohat bog‘larida shaxmat maydonchalarini tashkil qilsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi shaxmatchilari va ularning trenerlariga beriladigan bir martalik pul mukofotlarining miqdorlari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki, ushbu ilovada nazarda tutilgan rag‘batlantirish xarajatlari Davlat byudjetidan sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika kalendar rejasiga mazkur maqsadlar uchun yo‘naltiriladigan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.

10. Moliya vazirligi (T.Ishmetov) Xalqaro shaxmat maktabi faoliyatini ta’minlash bilan bog‘liq zarur mablag‘larni 2023 yildan boshlab Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutsin.

11. Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov), O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi (A.Sa’dullayev):

Xalqaro shaxmat maktabini zamonaviy pedagogik texnologiyalarni egallagan malakali pedagog kadrlar, trenerlar va boshqa mutaxassislar bilan bosqichma-bosqich to‘ldirish choralarini ko‘rsin;

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda Xalqaro shaxmat maktabining boshqaruv, texnik, xizmat ko‘rsatuvchi va o‘quv-yordamchi xodimlarining shtat jadvalini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

12. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.Xadjayev) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda “Yoshlar” telekanali hamda tegishli hududiy telekanallarda shaxmat musobaqalarini keng yoritish va targ‘ib qilish ishlarini muntazam tashkil etib borsin.

13. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Yoshlar ishlari agentligi direktori, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi A.Z. Sa’dullayev va sportni rivojlantirish vaziri A.I. Ikramov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

Prezidenti                            Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2022 yil 5 avgust

Taqvim

Taqvim

Dsh Ssh Chsh Psh Jm Shn Yak

Faoliyati

Ўзбекистон миллий жамоасининг ЖЧ-2022 саралаш ўйинлари кейинги йилга қолдирилди
Sport vazirligi: maxsus sirtqi ta’lim shakliga abituriyentlarni qabul qilish jarayoni boshlandi
Валттери Боттас “Формула-1”нинг Mercedes жамоаси билан шартномасини узайтирди
Триатлон федерациясига Хавфсизлик кенгаши котиби, ММА ассоциациясига эса мудофаа вазири раис бўлди
Миссиямиз
Diqqat! Agar siz matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter ni bosing

Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish