O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 25 yanvardagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–14-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 25 yanvardagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–14-son Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi O‘zbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligi (keyingi o‘rinlarda – Milliy antidoping agentligi) etib qayta tashkil qilinsin.
2. Quyidagilar:
Milliy antidoping agentligi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari 1-ilovaga muvofiq;
Milliy antidoping agentligining tashkiliy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;
Milliy antidoping agentligi faoliyatini transformatsiya qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilab qo‘yilsinki, Milliy antidoping agentligi:
respublika ijro etuvchi hokimiyat organi maqomiga ega bo‘lib, o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Vazirlar Mahkamasiga hisobdordir;
Butunjahon antidoping agentligining talablari va qoidalari bajarilishi ustidan doimiy monitoring olib boradi hamda tezkor joriy etadi;
YUNESKOning Sportda dopingga qarshi kurash to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasi va Butunjahon antidoping kodeksidan kelib chiqadigan majburiyatlar bajarilishini ta’minlaydi;
o‘z vakolatlari doirasida O‘zbekiston sportchilari, trenerlari va boshqa mutaxassislarining huquq va manfaatlarini ifoda etadi va himoya qilish choralarini ko‘radi;
sportda doping qo‘llanishining oldini olish va dopingga qarshi kurashish bo‘yicha uslubiy tavsiyalar ishlab chiqadi;
doping nazorati natijalarini boshqarish tartib-taomillarini belgilaydi, tuzilmasidagi komissiyalar faoliyatini tashkil etish orqali aniqlangan sportda doping qo‘llash holatlari bo‘yicha intizomiy choralar ko‘radi;
vazirlik va idoralar, jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari va boshqa tuzilmalarning antidoping nazorati sohasida qo‘shma tadbirlar tashkil etish va tajriba almashish orqali o‘zaro hamkorligini ta’minlaydi;
o‘zining byulleten va boshqa rasmiy nashrlari hamda o‘z faoliyatiga taalluqli ma’lumot va materiallar chop etilishini ta’minlaydi.
4. Belgilansinki, Butunjahon antidoping agentligining tavsiyasini inobatga olgan holda, shuningdek, Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlariga muvofiq vazirlik va idoralarda yagona mehnatga haq to‘lash tizimi joriy qilingunga qadar 2023 yil 15 maydan boshlab:
Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga ko‘ra Milliy antidoping agentligi xodimlarining lavozim maoshlarini belgilashda tarif koeffitsiyentlari 2,5 baravar miqdorda qo‘llaniladi;
Milliy antidoping agentligi xodimlariga Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan quyidagi miqdorda ko‘p yillik ishlaganlik uchun har oylik ustama to‘lanadi (rag‘batlantirish koeffitsiyentini inobatga olgan holda lavozim maoshiga nisbatan koeffitsiyentlarda): 1 yildan 3 yilgacha – 0,3, 3 yildan 5 yilgacha – 0,6, 5 yildan 10 yilgacha – 0,8, 10 yildan 15 yilgacha – 1,0, 15 yildan 20 yilgacha – 1,2, 20 yildan yuqori – 1,5.
Bunda, ko‘p yillik ishlaganlik uchun har oylik ustama to‘lovlari koeffitsiyentini hisoblashda Milliy antidoping agentligi xodimlarining tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar (yakka tadbirkor va o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ishlagan davridan tashqari) barcha tashkilotlardagi mehnat faoliyati davri hisobga olinadi.
5. Milliy antidoping agentligi (A.Sadikov):
a) ikki hafta muddatda:
Milliy antidoping agentligi tarkibiy bo‘linmalari nizomlarini hamda bo‘linmalar rahbarlarining vazifa va funksiyalarini tasdiqlasin;
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda Milliy antidoping agentligi malakali, chuqur nazariy bilimlar va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan, o‘z vazifalarini samarali va mas’uliyat bilan bajaradigan kadrlar bilan to‘ldirilishini ta’minlasin;
ushbu qarorning mazmun-mohiyatini Butunjahon antidoping agentligiga yetkazish choralarini ko‘rsin;
b) 2023 yil 1 avgustga qadar respublikada va xorijda o‘tkaziladigan musobaqalarda doping-sinamalar olish huquqiga ega bo‘lgan xalqaro toifadagi doping ofitserlarni Xalqaro test agentligida (International Testing Agency) o‘qitishni yo‘lga qo‘ysin;
v) 2023 yil 15 dekabrga qadar Raqamli texnologiyalar vazirligi (Sh.Shermatov) bilan birgalikda antidoping nazorati va monitoringi sohalarini raqamlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirsin. Bunda:
doping-test va doping nazoratini tashkil qilish, sportchilar haqida ma’lumotlarni to‘plash va saqlashga oid sportchining “biologik pasporti” (ABP) onlayn tizimini joriy etish;
sportchilar uchun antidoping ta’lim elektron platformasini yaratish;
bosqichma-bosqich Sportda taqiqlangan moddalarni tekshirish milliy platformasini joriy etish nazarda tutilsin;
g) 2024 yil 1 yanvarga qadar Yoshlar siyosati va sport vazirligi (A.Ikramov) bilan birgalikda sportda doping qo‘llanishining oldini olish va antidoping qoidalarini o‘rgatish, shuningdek, doping nazoratini amalga oshirish borasida trenerlar va tibbiyot xodimlari uchun onlayn va oflayn tarzda malaka oshirish kurslarini tashkil etsin.
6. Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Sh.Kudbiyev) mazkur qarorda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur mablag‘larning 2023 yilda Davlat byudjetida Yoshlar siyosati va sport vazirligi uchun ko‘zda tutilgan mablag‘lar doirasida ajratilishini, 2024 yildan boshlab esa Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutilishini ta’minlasin.
7. Milliy antidoping agentligi Toshkent shahri, Abdulla Qodiriy ko‘chasi, 2-uy manzilidagi binoga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 4-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
9. Milliy antidoping agentligi bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Milliy antidoping agentligi direktori A.A. Sadikov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi O.K.Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2023 yil 8 may