O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 8 maydagi PQ-149-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Agentlik tomonidan qator samarali ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Qaror ijrosini taʼminlash maqsadida xalqaro va mahalliy tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan holda ish samaradorligini yana-da oshirish borasida tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi va Toshkent davlat yuridik universiteti o‘rtasida samarali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, malakali professor-o‘qituvchilarni jalb qilgan holda kadrlar tayyorlash sohasida qo‘shma loyihalar va tadbirlarni tashkil etish hamda Universitet o‘quv jarayoniga antidoping sohasiga oid dasturlar kiritish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.
Memorandumga asosan, sport huquqi magistrlarini tayyorlash va jalb qilish bo‘yicha qo‘shma tadbirlar va loyihalarni ilgari surish, antidoping sohasida milliy normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqish, yoshlarning ijodiy va intellektual salohiyatini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni hamda oliy taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi innovatsion hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Milliy antidoping agentligi faoliyati hamda yurisprudensiya tizimining rivojlanish tendensiyalarini o‘rganish bo‘yicha qo‘shma loyihalar yaratish va ularni amalga oshirish hamda ularning natijalarini amaliyotga tatbiq etish belgilangan.
Bundan tashqari, Milliy antidoping agentligini rivojlantirish jarayonlari, istiqbollari va ushbu sohadagi muammolar va tahdidlarni bartaraf etish hamda yurisprudensiya bugungi kunda mavjud dolzarb muammoli mavzular bo‘yicha ilmiy maqolalar, monografiyalar tayyorlash va nashr etish, seminarlar, respublika va xalqaro miqyosdagi konferensiyalar tashkil etish, TDYU professor-o‘qituvchilari, doktorantlar, tayanch doktorantlar shuningdek bakalavriat, Magistratura va sirtqi taʼlimda tahsil olayotgan talabalarning ishlab chiqarish va malakaviy amaliyotlarini Agentlik tizimida samarali tashkil hamda Agentlik xodimlarini TDYUning o‘quv jarayonlariga jalb qilish asosiy vazifa qilib belgilangan.
Memorandumdan ko‘zlangan asosiy maqsad TDYUda antidoping sohasida yuridik bo‘lim faoliyatini yo‘lga qo‘yish va fan sifatida o‘qitishdir.