O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Maʼmuriy islohotlar doirasida Milliy antidoping agentligi faoliyatini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-149-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida sportchilar, murabbiylar va sport shifokorlari hamda ularning vakillari uchun platformalar Agentlik tomonidan ishga tushirilgan.
Shu maqsadda Agentlik mutaxassislari respublikada faoliyat olib borayotgan sport shifokorlari, murabbiylar va sportchilar uchun “Antidoping taʼlim elektron platformasi” hamda O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan dori vositalari tarkibida taqiqlangan moddalar mavjudligini tekshirish uchun mo‘ljallangan “Sportda taqiqlangan moddalarni tekshirish milliy platforma”si yuzasidan tushuntirish ishlarini olib borishmoqda.
Navbatdagi antidoping o‘quv-seminari Namangan va Andijon viloyatida o‘tkazildi. 3 kunlik antidoping o‘quv-seminarida viloyatlarda faoliyat olib borayotgan sport sohasi vakillariga platformalardan foydalanish, ushbu platformalarning afzalliklari to‘g‘risida maʼlumotlar berildi.
“Antidoping taʼlim elektron platformasi”dan foydalanish uchun talim-uznada.uz saytiga kirishingiz mumkin.
“Sportda taqiqlangan moddalarni tekshirish milliy platformasi”dan foydalanish uchun dori-uznada.uz saytiga kirishingiz mumkin.
“Antidoping taʼlim elektron platformasi” orqali o‘quv kursni yakunlaganingizdan so‘ng 2025 yildan boshlab respublika chempionatlarida talab qilinadigan QR kodli maxsus sertifikat taqdim etiladi.