So’ngi yillarda mamlakatimizda volontyorlar faoliyatini yo’lga qo’yish bo’yicha bir qancha ishlar olib borilmoqda. Jumladan, “Volontyorlik faoliyati to’g’risida”gi 2019 yil 2 dekabrdagi O’zbekiston Respublikasining Qonuni ham qabul qilingan. Bundan tashqari, O’zbekiston volontyorlari assosiasiyasi ham tashkil etilgani so’zimiz isbotidir.
Volontyorlar tarkibi asosan yoshlardan tashkil topgan bo’lib, ular kollej, lisey va OTM talabalari orasidan iqtidorlilari saralab olinadi hamda respublikamiz bo’ylab o’tkazilayotgan ommaviy madaniy va sport tadbirlarini tashkil qilishda jonbozlik ko’rsatishadi.
Bugun O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligida doping nazorati inspektori yordamchisi o’quv-kursini muvaffaqiyatli tamomlagan hamda joriy yilning 5-7 mart kunlari “Humo arena” muz saroyida dzyudo bo’yicha xalqaro “Toshkent katta dubulg’a” turnirida faoliyat olib borgan bir guruh volontyorlarni taqdirlash marosimi bo’lib o’tdi.
Unda, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi bosh direktori Nodirjon Tursunov, agentlik direktori o’rinbosari Nigora Azamatova, O’zbekiston volontyorlari assosiasiyasi raisi Shirin Obidova hamda volontyor yoshlar ishtirok etishdi.
“Sizlarga ko’rsatayotgan yordaminglar uchun Milliy antidoping agentligi qolaversa, o’z nomimdan minnadorchilik bildiraman. Bu hali boshlanishi kelgusida ham sizlar bilan samarali hamkorlikni davom ettiramiz”, - dedi Nodirjon Tursunov.
Tadbir yakunida volontyor yoshlarga tashkilot tomonidan tashakkurnomalar taqdim etildi.