Barcha sport ihlosmandilariga maʼlumki London-2012 olimpiadasida hamyurtlarimiz natijalari Pekindagisi bilan taqqoslanganda, biroz kamtarroq boʻlgandi.
2012-yil Angliyaning London shahrida boʻlib oʻtgan XXX yozgi Olimpiya oʻyinlarida 50 dan ortiq sportchi 20ga yaqin sport turida yurtimiz sharafini himoya qilgandi. Ushbu musobaqada hamyurtlarimiz Artur Taymazov (erkin kurash) oltin, Rishod Sobirov (dzyudo) va Abbos Atoyev (boks)lar bronza medallarini qoʻlga kiritishgan edi.
Bir necha kun avval London-2012 olimpiadasidagi medallarimizga yana bir medal qoʻshildi. Bir necha oy avval xorijiy manbalarda raqiblarning doping tahlilidan musbat natija chiqqach, hamyurtimiz ogʻir atletika boʻyicha Ivan Yefremevga London-2012 Olimpiadasining bronza va Dolera Davronovaga esa Buenos-Ayres-2018 oʻsmirlar Olimpiadasining kumush medali topshirilishi haqida xabarlar tarqalgan edi va medallar Oʻzbekistonga yetib keldi hamda oʻz egalariga topshirildi.
Bunday qonunbuzarliklarni aniqlashda albatta halol sport tarafdori boʻlgan tashkilotlarning oʻrni beqiyosdir. Hozirgi kunga kelib sport rivojlangan barcha mamlakatlarda shunday tashkilotlar faoliyat olib bormoqda. Jumladan, 200 ga yaqin mamlakatda milliy antidoping tashkilotlari mavjud. Bu davlatlar YUNESKOning sportda dopingga qarshi konvensiyasini imzolagan davlatlar hisoblanadi. Oʻzbekiston ham 2010-yilda mazkur konvensiyani imzolagan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 23-fevralda tegishli qarori bilan mamlakatda halol sport targʻibotini olib boruvchi Oʻzbekiston Milliy antidoping agentligini faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.
Oʻzbekiston Milliy antidoping agentligi (OʻzMADA) davlat organi hisoblanadi va sportda doping qoʻllanilishining oldini olish hamda dopingga qarshi kurashish sohasida yagona davlat siyosatini taʼminlaydi va amalga oshiradi. OʻzMADAning asosiy vazifasi sportchilarning dopingsiz musobaqalarda qatnashish uchun asosiy huquqlarini himoya qilishdir.
Eslatma! Antidoping qoidalarini buzgan sportchilar, murabbiylar, shifokorlar va boshqa shaxsiy tarkib vakillari uchun jazo muqarrardir!.
OʻzMADA
Matbuot xizmati