Xalqaro paralimpiya qoʻmitasi Yaponiyada boʻlib oʻtadigan Tokio-2020 va Pekin-2022 oʻyinlarida Rossiya paralimpiya qoʻmitasining toʻliq nomidan foydalanishni taqiqladi.
Oliy sport arbitraj sudining 2020-yil dekabr oyidagi qaroriga koʻra, rossiyalik sportchilar Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida milliy bayrogʻi va madhiyasisiz ishtirok etishi aytib oʻtilgandi.
Rossiyalik sportchi va rasmiy vakillar Paralimpiya oʻyinlarning ochilishi va yopilish marosimlarida hamda musobaqalar davomida Rossiya paralimpiya qoʻmitasining nomidan faqat qisqartirilgan shaklda, yaʼni RPQ (RPC) koʻrinishida foydalanishi mumkin ekanini taʼkidladi. Shuningdek, sportchilarni taqdirlash marosimida Rossiya davlat madhiyasining oʻrniga P.Chaykovskiyning kuylari yangraydi.
Qolaversa, sportchi va rasmiy vakillar faqat Xalqaro paralimpiya qoʻmitasi tomonidan tasdiqlangan neytral sport kiyimi va poyabzallarida ishtirok etishlari mumkin boʻladi. Bularda Rossiya bayrogʻi, gerbi yoki boshqa ramzlarini aks ettirish man etilib, faqat Xalqaro paralimpiya qoʻmitasining rasmiy emblemasi boʻlishiga ruxsat beriladi. “Rossiya” soʻzi umuman koʻrinishi taqiqlab qoʻyildi.
Eslatib oʻtamiz, bu kabi qatʼiy choralar Rossiya sportchilari va rasmiylarining bir qator doping mojarolarida aybi tasdiqlanganidan soʻng kiritilgandi.
OʻzMADA
Matbuot xizmati