Xabaringiz bor Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlari ham asta sekinlik bilan yaqinlashib kelmoqda. Mazkur nufuzli musobaqada ishtirok etuvchi terma jamoalar tarkibi ham shakllanib, mashgʻulotlar jiddiy olib borilmoqda. Albatta, sportchilarda mashgʻulot hajmining ortishi sababli turli xil charchoqlar paydo boʻla boshlaydi.
Tanaga “kuch” yigʻish uchun esa taqiqlangan moddalarni bilib yoki bilmasdan isteʼmol qilayotganlar ham uchrab turibdi.
Sportchilar mana shunday taqiqlangan moddalardan holi boʻlish va unday illatlardan yiroq boʻlishlari uchun esa albatta mutaxassislarning tavsiyalari darkor.
Bugun doimiy anʼanani davom ettirgan holda, Oʻzbekiston Milliy antidoping agentligi mutaxassislari Oʻzbekiston Regbi federatsiyasida boʻlishdi va u yerda terma jamoa sportchilari, jamoa shifokori va mutaxassislar uchun “Doping toʻgʻrisida tushuncha, doping isteʼmolining salbiy oqibatlari” mavzusida oʻquv seminar oʻtkazishdi.
Seminar davomida ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollari bilan mutaxassislarga yuzlanishdi va kerakli javoblarni olishdi. Bunday oʻquv seminarlari yil davomida turli federatsiya hamda assotsiatsiyalarda oʻtkazib kelinmoqda va bu boradagi amaliy ishlar yil yakuniga qadar davom etadi.
Alohida taʼkidlab oʻtmoqchimiz, 2021-yil uchun “Sportda qoʻllanilishi taʼqiqlangan moddalar va uslublar roʻyxati” ham mavjud boʻlib, mazkur roʻyxat bilan rasmiy veb-saytimiz orqali tanishib chiqishingiz mumkin.
Eslatma! Antidoping qoidalarini buzgan sportchilar, murabbiylar, shifokorlar va boshqa shaxsiy tarkib vakillari uchun jazo muqarrardir!.
OʻzMADA
Matbuot xizmati