O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi va Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Qariyb to‘rt yildan beri davom etib kelayotgan anʼanaga ko‘ra, O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi mutaxassislari institut rahbariyatining yaqin hamkorligida bu yerda tinglovchilar bilan muntazam ravishda uchrashuvlar uyushtirib kelishadi. Ushbu uchrashuvlar asosan seminar va ochiq muloqot shaklida o‘tkazilib, dopingga qarshi kurashning dolzarb muammolariga bag‘ishlanadi.
Kuni kecha o‘tkazilgan odatdagi antidoping seminari ham shular jumlasidandir. Unda turli viloyatlardan kelgan sport maktablari direktor o‘rinbosarlari ishtirok etishdi.
Galdagi seminarni O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi bosh direktori Nodirjon Tursunov olib bordi va tadbir ishtirokchilariga zamonaviy sportda doping muammosi, jamiyatimizda "dopingdan xoli muhit"ni yaratish zarurligi hamda Tokio-2020 o‘yinlariga tayyorlanishda litsenziya olgan o‘zbekistonlik sportchilar bilan antidoping taʼminoti borasida olib borilayotgan ishlar haqida batafsil maʼlumot berdi.
Bunday seminarlarni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad poytaxtimizdagi balki chekka hududlardagi sport taʼlim muassasalari murabbiy va rahbarlariga doping haqida kengroq tushunchalar berish hamda ular orqali bo‘lajak sportchilarni tarbiyalashdan iboratdir.
O‘zMADA
Matbuot xizmati