Rossiya sportidagi doping janjallarini yoritishda va ayniqsa ularni yashirishda yolg‘on maʼlumotlarni oshkora etish amaliyoti afsuski allaqachon Rossiya davlat ommaviy axborot vositalarining “tashrif qog‘ozi”ga aylanib ulgurdi.
Quyida mana shu OAVlar tomonidan eng keng tarqatilgan nayrang feyklari haqida so‘z boradi.
1. Doping bilan bog‘liq barcha ayblovlar – bu siyosatdan boshqa narsa emas (G‘arbning Rossiya muvaffaqiyatlarini ko‘rolmasligi, Qrim uchun olinayotgan qasos, Rossiyani bo‘ysundirishga urinishlar, mashhur rossiyalik sportchilarni yirik sport musobaqalaridan chetlashtirish V.x.k).
Bu feykning birdaniga bir nechta zaif joylari mavjud:
Birinchidan. Rossiyalik sportchilar bilan bog‘liq doping janjallar 2014 yildan ancha avval, yaʼni 2002 (yengil atletikachilar Lazutina va Danilovalar ishi), 2009 (biatlonchilar Axatova, Yuryeva va Yaroshenkolar ishi), 2008 va 2012 (Balaxnichev boshchiligidagi yana bir katta guruh yengil atletikachilar ishi) yillardagi doping-sharmandaliklardir.
Ikkinchidan. Rossiya sportiga nisbatan sanksiyalar ortida G‘arb emas, balki butun jahon turibdi. Bu boradagi barcha qarorlarni Xalqaro olimpiya qo‘mitasi, Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi va xalqaro federatsiyalar qabul qilishmoqda.
Uchinchidan. Na G‘arb, na jahon hamjamiyati o‘z sanksiyalari siyosiy tusga egaligini hech qachon yashirishmagan va ochiq oydin bayon etishgan. Masalan, o‘z vaqtida JAR, Yugoslaviya yoki Kuvaytga nisbatan qo‘llanilgan sanksiyalarning haqiqiy sabablari berkitilmagan va aniq ko‘rsatilgan.
To‘rtinchidan. Ushbu doping-mojarolarda siyosat bo‘lsa ham, u faqat rossiyaliklar manfaati uchun qo‘l keladi, chunki bironta xalqaro sport tashkilotiga na ortiqcha muammo, na sport raqobatini kamayishi, na daromad bozorini torayishi kerak.
2. Doping-tizimi davlat miqyosidagi tizim bo‘lmagan, uni Gennadiy Rodchenkovning o‘zi boshqargan!
Richard Maklarenning hisobotida keltirilgan “davlat doping-tizimi” haqidagi tushuncha Rossiya hukumat vakillari uchun eng og‘riqli zarba bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Lekin bu ayni haqiqat. Dopingni isteʼmol qilish va uni yashirish rejasida muhim vazifani Rossiya sport vazirligi muhim o‘rin tutgan. Rejaning amalda bajarilishini esa bevosita sport vazirining o‘rinbosari O.Nagornix boshqarib, uni o‘sha davrdagi sport vaziri V.Mutko nazorat qilgani mutlaqo isbotlangan.
3. Rossiyaning barcha tashvishlarining sababchisi Butunjahon antidoping agentligi (WADA) va uning olib borayotgan siyosatidir.
Yuqorida taʼkidlangganidek, Rossiya sportiga nisbatan barcha sanksiyalar faqat Xalqaro olimpiya qo‘mitasi, Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi va xalqaro federatsiyalar qarorlariga asosan qo‘llaniladi. WADA xatto nazariyada ham bu jarayonlarga taʼsir ko‘rsatolmaydi, chunki Butunjahon antidoping kodeksiga ko‘ra, doping qoidabuzarliklarni o‘rganish va jazolash vazifasi WADA emas, balki Xalqaro olimpiya qo‘mitasi, Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi va xalqaro federatsiyalar zimmasiga yuklatilgan. Shunchaki Rossiya Xalqaro olimpiya qo‘mitasi, Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi va xalqaro federatsiyalar bilan munosabatlarini buzmasligi va jahon hamjamiyati oldida o‘zining “yuzini” saqlab qolishi uchun ularni ayblamasdan va ular bilan kurashmasdan, WADA ni “asosiy dushman” deb eʼlon qilishni afzal deb bilgan.
4. WADA Amerika Qo‘shma Shtatlari (G‘arb, anglosakslar) tomonidan nazorat qilinadi.
Ushbu yolg‘on yuqoridagisi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, biri birisiz hech qanday maʼnoga ega bo‘lmay qoladi. Feykchilarning maqsadi oddiy inson miyasida “Rossiyani Amerika Qo‘shma Shtatlari tomonidan to‘liq nazoratga olingan va AQSHning barcha buyruqlarini o‘sha zag‘oti bajaradigan WADA qiynoqqa solmoqda” degan fikrni yaratishdir.
Lekin, gap shundaki, AQSH ham, anglosakslar ham boshqa davlatlar singari WADA Ijroqo‘mida bir xil ovozga ega bo‘lib, tashkilot rahbariyatining asosiy qarorlari bir ovozdan qabul qilinadi, bu esa o‘z navbatida, doping muammolariga nisbatan davlatlarning umumiy yondashuvi mavjudligidan darak beradi.
Undan tashqari, yaqinda “keng maydonga” chiqqan AQSH va WADA o‘rtasidagi kelishmovchilik bu feykning umuman asossizligini isbotladi. Haqiqatan ham juda qiziq-ku – WADAni to‘liq “nazorat qiluvchi” AQSH, uning olib borayotgan siyosatidan norozi bo‘lib, aʼzolik badalini to‘lashdan bosh tortishga urinsa?
5. Gennadiy Rodchenkov – ruhiy kasallikka chalingan guvoh.
Raqibni ruhiy xastalikda ayblash – dissidentlar bilan kurashish bo‘yicha sho‘rolarning eski amaliyotidan qolgan usuldir. Haqiqatda esa Moskva antidoping laboratoriyasining sobiq direktori Gennadiy Rodchenkov tibbiy ko‘riklardan o‘tib, unda ruhiy kasalliklar aniqlanmagan. U soppa-sog‘ fan doktori, professor, tegishli ilmiy hamjamiyatlarda taniqli olimdir. Har xolda aqldan ozgan shaxsga antidoping laboratoriyasini boshqarishni, ayniqsa mamlakatda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Sochi-2014 Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari oldidan hech kim ishonib qo‘ymasa kerak. Bunisi ham mayli, ruhiy xasta kishi uch marta davlat mukofoti bilan taqdirlanganligini qayerda eshitgansiz!?
Rodchenkov bergan maʼlumotlarga ko‘ra, doping-sinamalarini tahlil qilish uchun yaroqsiz holatga keltirish uchun ularga o‘ta yuqori miqdorda tuzlar aralashtirilgan. Bu esa aniq sportchilarning toza peshobini hamda ular topshirgan sinamalarining maxfiy kodlarini bilish kerak bo‘lgan, yaʼni bu holat “tasodifan” vujudga kelib qolmaydi.
6. Xorijiy sportchilar kasallik sababli rasmiylashtirgan tibbiy ruxsatnomalar yordamida keng ko‘lamda doping isteʼmol qilishadi.
Tibbiy ruxsatnoma – barcha xastalangan sportchilar uchun zarur va rasmiylashtirilishi birdek qiyinchilik tug‘dirmaydigan, lekin sportda jiddiy afzallik bermaydigan imkoniyatdir.
Agar sportchi haqiqatda kasal bo‘lib, u yoki bu taqiqlangan dori vositasini davolanish maqsadida isteʼmol qilishga majbur bo‘lsa, taqdim etilgan tasdiqlovchi tibbiy hujjatlar asosida unga xalqaro federatsiyalar tomonidan vaqtincha ruxsat beriladi. Bunda taqiqlangan dori vositasining dozasi davolash uchun mo‘ljallangan odatiy dozadan oshgani sportchi tomonidan topshirilgan doping-sinamasida aniqlangan taqdirda, u jazolanadi.
O'zMADA
Matbuot xizmati