O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi bosh direktori Nodirjon Tursunov 44 yoshni qarshi oldi.
Nodirjon Tursunov 1977 yil 21 may kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. Oliy maʼlumotli, 2001 yilda Toshkent pediatriya tibbiyot institutini, 2010 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan. 300 yaqin ilmiy maqola, darslik, qo‘llanma, ixtiro va ratsionalizatorlik takliflari muallifi.
N.Tursunov “O‘zbekiston belgisi”, “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash aʼlochisi” hamda “Jismoniy tarbiya va sport aʼlochisi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan. Sport tibbiyoti sohasida 2014 yilda Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi sport shifokori (IPC Medical Classifier Certificate) 2015 yilda esa Xalqaro toifadagi doping nazoratchi (IL Doping Control Oficcer) hisoblanadi.
Nodirjon Botirovich mehnat faoliyatini 2001 yil Toshkent pediatriya tibbiyot instituti travmatologiya, ortopediya va neyroxirurgiya kafedrasi aspiranti sifatida boshlagan. Keyinchalik Toshkent shahar 14-son bolalar jarrohlik shifoxonasi shifokori travmatolog-ortopedi, Sog‘liqni saqlash vazirligi Kadrlar bilan ishlash boshqarmasi bosh mutaxassisi, Respublika vrachlik-jismoniy tarbiya dispanseri bosh shifokori, Sog‘liqni saqlash vazirligi sport tibbiyoti va doping-nazorati bo‘yicha bosh konsultanti, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti sport tibbiyoti, gastroenterologiya va fizioterapiya kafedrasi dotsenti, O‘zbekiston Milliy paralimpiya assotsiatsiyasi terma jamoalari sport shifokori, shifokor-klassifikatori, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti sport tibbiyoti va davolovchi jismoniy tarbiya kafedrasi mudiri sifatida ishlagan.
2016 yilda esa O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi dotsenti sifatida faoliyat olib borgan hamda 2018 yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi bosh direktori lavozimiga tayinlangan va hozirda samarali mehnat qilib kelmoqda.
N.Tursunov shu kunga qadar qaysi jamoada mehnat qilmasin, xodimlar orasida yuksak hurmat va ehtiromga ega bo‘lgan. O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi jamoasi Tursunov Nodirjon Botirovichni bugungi tavallud ayyomi bilan samimiy muborakbod etgan holda u kishiga uzoq umr, mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt va mehnat faoliyatida hamisha omad yor bo‘lishini tilaydi!