To‘rt yillikning eng katta sport bayrami deya eʼtirof etiladigan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga ham oz vaqt qolmoqda. Mazkur musobaqaga mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan sport federatsiya va assotsiatsiyalar hamda sportchilar bilan bir qatorda sport tashkilotlari jiddiy tayyorgarlik olib bormoqda.
Shunday tashkilotlar safida tinim bilmay ish faoliyatini olib borayotgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligini ham alohida taʼkidlab o‘tish lozim.
Bugun Milliy antidoping agentligida mazkur masalalarga bag‘ishlangan navbatdagi hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda agentlik bosh direktori Nodirjon Tursunov hamda agentlik xodimlari ishtirok etishdi.
Mazkur yig‘ilishda joriy yilning aprel-may oylarida rejaga asosan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ish rejalarining hisoboti tinglandi. Har bir bo‘lim masʼul xodimlari tomonidan ish rejalarining hisoboti to‘g‘risida yig‘ilish ishtirokchilariga maʼlumotlar berildi.
Yig‘ilish yakuniga ko‘ra, oldinda turgan Tokio-2020 o‘yinlariga qadar ustuvor federatsiya va assotsiatsiyalar sportchi, murabbiy va shifokorlariga doping haqida to‘liqroq maʼlumot berish, ularga tarqatma materiallar taqdim etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Milliy antidoping agentligi
Matbuot xizmati