Xabaringiz bor joriy yilning 18 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori imzolangan edi.
Mazkur qaror bilan mamlakatimizda jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarga sport bilan shug‘ullanishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularning xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etishlarini taʼminlash hamda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash masalalari belgilab berilgan.
Alohida taʼkidlash lozim, Olimpiya va Paralimpiyachilarni qo‘llab-quvvatlab, ularga yaqindan ko‘maklashib kelayotgan tashkilotlardan biri O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi hisoblanadi.
Agentlik xodimlari navbatdagi missiyani bajarish uchun Milliy Paralimpiya qo‘mitasiga tashrif buyurishdi. U yerda olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma qo‘lga kiritgan sportchilar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad to‘rt yillikning eng asosiy bayrami hisoblangan Olimpiya o‘yinlari oldidan sportchilarga kerakli tavsiyalar berish. Bundan tashqari, ADAMS tizimini yuritish va undan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berildi.
Zero, agentlik oldiga qo‘ygan asosiy maqsadlaridan biri mamlakatni dopingndan holi hududga aylantirish va halol sport raqobatini rivojlantirishga qaratilgan.
Eslatma! Antidoping qoidalarini buzgan sportchilar, murabbiylar, shifokorlar va boshqa shaxsiy tarkib vakillari uchun jazo muqarrardir!.