O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi reja asosida ish faoliyatini olib bormoqda.
Jumladan, agentlik xodimlari ustuvor sport federatsiya va assotsiatsiyalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan holda sportchilarga bilan uchrashuvlar va davra suhbatlarini olib borishmoqda.
Navbatdagi manzil taekvondo VTF bo‘yicha Tokio-2020 o‘yinlariga yo‘llanma qo‘lga kiritgan sportchilar bo‘ldi. Alohida taʼkidlab o‘tishimiz lozim federatsiya sportchilari O‘zbekiston taekvondosi tarixida yangi sahifa ochishdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bunga qadar hech qachon bir yo‘la to‘rt nafar o‘zbekistonlik taekvondochi Olimpiadaga yo‘llanma qo‘lga kiritmagan edi. O‘tgan olimpiya o‘yinlarida 3 nafardan taekvondochi qatnashgan va medal qo‘lga kiritilmagan. Bu safar esa Nikita Rafalovich, Nigora Tursunqulova, Svetlana Osipova hamda yosh umidli sportchi Ulug‘bek Rashitovlar Tokio-2020 da mamlakatimiz sharafini himoya qilishadi.
Ushbu sportchilarga oldinda turgan katta sport musobaqasi oldidan doping haqida tushunchalar berish maqsadida agentlik xodimlari sportchilar bilan o‘quv-seminarini o‘tkazishdi. Ularga tavsiyalar hamda huquq va majburiyatlari tushuntirildi. Bunday seminarlar barcha federatsiya va assotsiatsiyalarda davom etadi.
Tokiodagi Olimpiadada taekvondochilarimiz medallar qo‘lga kiritib yana bir tarixiy natija qayd etishadi deb ishonamiz!
Eslatma! Antidoping qoidalarini buzgan sportchilar, murabbiylar, shifokorlar va boshqa shaxsiy tarkib vakillari uchun jazo muqarrardir!.
Milliy antidoping agentligi
Matbuot xizmati