Poytaxtimizdagi “Universal” sport saroyi mezbonligida o‘tkazilgan kattalar, yoshlar va o‘smirlar o‘rtasidagi sambo bo‘yicha Osiyo chempionati yakunlandi.
4-6 iyun kunlari haqiqiy sport bayramiga aylanib ketdi deyish mumkin. Qitʼaning 16 ta mamlakatidan 350 nafarga yaqin sportchi g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
Eʼtiborli tomoni mazkur sambo bo‘yicha Osiyo birinchiligi bahslarida sportchilardan doping-sinamalarni olish O‘zbekiston Milliy antidoping agentligiga ishonib topshirildi. Uch kun davomida agentlik xodimlari sinamalarni olishda faol bo‘lishdi.
Shuningdek, mazkur Osiyo chempionati bahslarini nazorat qilish uchun Xalqaro sambo federatsiyasi tomonidan yuborilgan Maxim Komchenko tomonidan ham agentlikni ish faoliyati alohida eʼtirof etildi va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Maʼlumot uchun aytib o‘tmoqchimiz, musobaqaning yakuniy natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi sambochilari deyarli barcha yo‘nalishlarda jamoaviy bahslarda 1-o‘rinni egallashdi. Ushbu muvaffaqiyat bilan sambochilarimiz va murabbiylarni tabriklaymiz. G‘alabalar bardavom bo‘lsin!
Milliy antidoping agentligi
Matbuot xizmati