O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi rasman 2018 yildan o‘z faoliyatini boshlagan.
O‘zMADA sportda doping ishlatilishiga qarshi kurashish, sportchilarning sog‘lig‘ini saqlash va ularning dopingsiz musobaqalarda qatnashish huquqini himoya qilish hamda antidoping qoidalarining buzilishini aniqlash va oldini olish kabi vazifalar bilan shug‘ullanadi.
O‘zA muxbiri Milliy antidoping agentligi bosh direktori Nodirjon Тuрсuновни doping tizimi va mamlakatni dopingdan holi hududga aylantirish borasida amalga oshirilayotgan masalalar bo‘yicha suhbatga chorladi.
- Doping nima, uni qanday xususiyatlari mavjud?
- Doping – bu musobaqa muvaffaqiyatlarini va sport natijalarini oshirish maqsadida organizmga yod moddalarni odatdan yuqori miqdorda va turli yo‘llar bilan sun’iy va nohaq ravishda sportchi organizmga yuborilgan moddaga – doping deyiladi. Inson organizmining faoliyatini sun’iy qo‘zg‘atuvchi vositalar doping modda yoki uslubi hisoblanadi. Dopingni inson organizmiga ko‘rsatadigan ta’sirlar ham mavjud. Ko‘pchilikka ma’lumki, sportda, ayniqsa katta sportda dopingni iste’mol qilish bilan bog‘liq turli mojarolar mavjud. Buning sababi, bir tomondan sportchilar taqiqlangan moddalarga nisbatan ko‘proq murojaat qilishi bo‘lsa, ikkinchi tomonidan, doping holatlari tez fursatda oshkora qilinishi, shuningdek antidoping laboratoriyalarining aniqlash uslublari avvalgi yillar bilan solishtirganda yanada mukammallashib borishidadir.
- Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Sportda dopingga qarshi samarali kurashsa bo‘ladimi?
- Albatta, bo‘ladi. Bu «serqirra» muammoni keskin kamaytirish va deyarli yo‘q qilish faqat o‘zimizning – sport ahli va keng jamoatchilikning qo‘lida. Buning uchun birinchi navbatda, «Zamonaviy o‘zbek sportining yutuqlarini ko‘rolmaydiganlar talaygina, ular bizning sportchilarga qarshi fitnalar uyushtirib, ularni dopingda ayblab tuhmat qilib yurishibdi» kabi isbotini topmagan fikrdan qaytish va vaziyatni tanqidiy tahlil qilishimiz lozim.
Masalaning asosiy mohiyati shundaki, o‘ziga ishongan, tabiiy kuchi evaziga g‘alabalarga erishib kelayotgan halol sportchini hech kim va hech qaysi tashkilot «dopingchi» deb asossiz ayblolmaydi. Alohida ta’kidlab o‘tishimiz lozim, xuddi shu fikrda bo‘lib, aslida sohada tizimli kamchiliklarni tan olmay o‘zining kasbiy qobiliyatsizligini yashirish maqsadida bizga yaqin qo‘shni davlatlardan biri mana yetti yildan beri masalani konstruktiv yechimidan ko‘ra, uni siyosiylashtirishni afzal ko‘rmoqda. Vaholanki, ushbu davlatning sportchilari va sport mutasaddilariga qarshi qo‘yilgan barcha ayblovlar bo‘yicha ishlar mutlaq mustaqil bo‘lgan Oliy sport arbitraj sudigacha borib, o‘z tasdig‘ini to‘liq topgan.
Shuningdek, boshqa sohalar kabi, sport sohasida ham turli tuman, lekin sportga bevosita aloqasi yo‘q manfaatlar va ularni qondirish yo‘lida sodir etilayotgan korrupsion harakatlarga qarshi kurashish lozim. Bu ma’noda qanchalik hayratlanarli tuyulmasin, ammo doping muammosi va korrupsiyaning chambarchas bog‘liqligi mavjud. Buni «sportchi – murabbiy – sport federatsiyasi» zanjiri misolida kuzatishimiz mumkin: nafaqat yirik g‘alabaga erishgan sportchi, balki uning murabbiyi va tegishli sport federatsiyasining rahbar xodimlari davlatimiz tomonidan e’tiborga olinib, ularga turli mukofotlar, qimmatbaho buyumlar, unvonu darajalar, imtiyozu imkoniyatlar taqdim etiladi. Agar sportchi ushbu g‘alabasini doping hisobiga qo‘lga kiritgan bo‘lsa, u Butunjahon antidoping kodeksiga asosan ma’lum muddatga sportdan chetlashtiriladi xolos, lekin u va uning atrofidagi shaxslar davlatni aldaganicha qolaverib, hech qanday javobgarlikka tortilmay qolyapti. Natijada, «yuksak» maqsad yo‘lida hech narsadan qaytmaslik, davlat va jamiyat manfaatlarini chetga surib o‘zining shaxsiy manfaatlarini yuqori qo‘yish kayfiyati ustunlik qila boshlayapti.
- Sportda korrupsiyaning paydo bo‘lishiga sabab bo‘luvchi omillar nimalardan iborat deb o‘ylaysiz?
- Bugun korrupsiya haqida qancha ko‘p gapirmaylik, har qanday jamiyatda korrupsiyaga qarshi kurashning oddiy yechimi bor. Mamlakatda qonunlar va javobgarlik hammaga teng bo‘lishi, hech kim jazodan yashirilmasligi, ayalmasligi va shunchaki kechirilmasligi kerak.
Mavjud qarashlarga ko‘ra, sportda korrupsiyaning paydo bo‘lishi omillari sifatida quyidagilarni ko‘rsatish mumkin:
insonning shaxsiy g‘arazlari. Mukofotu unvonlar, ularning ketidan turli imtiyoz va imkoniyatlar, tezroq va ko‘proq shon-shuhrat, boylikni qo‘lga kiritish. Ya’ni nafs omili;
sportchi, murabbiy va sport mutasaddilarida asl vatanparvarlik va axloqiy tuyg‘ular pasayib ketishi. Bunda sportning tarbiyaviy omili izdan chiqqani ham korrupsiya paydo bo‘lishiga zamin yaratadi;
sportchi, murabbiy va sport mutasaddilarining fasodga beparvoligi va unga butunlay ko‘nikib ketishi, ya’ni «hozirgi sportda sportchi o‘zining yuksak mahorati, matonati va intilishi evaziga emas, balki doping iste’mol qilishi orqali g‘alaba qozonib, ishini bitiradi, biz ham shunday qilmasak, maqsadimizga erishmaymiz» degan tushunchaning hukm surishi;
korrupsiyaga yo‘l ochib beruvchi buzuq muhit. Bu sportga tegishli reglament, tartib va qoidalar, masalan, sportchini terma jamoa tarkibiga kiritish, uni nufuzli yirik sport musobaqasida ishtirok etish uchun saralash kabi qoida va boshqa tartiblardagi buzuqlik va yaratilgan imkoniyatlardan hamma sportchilar teng foydalanolmasligi, buning uchun shaffof imkoniyat berilmagani. Tegishli me’yoriy hujjatlar odatda chiroyli yozilgan bo‘lsada, ular to‘liq ishlamaydi yoki ular ustidan ijtimoiy nazorat yo‘q yoki mutasaddilar tomonidan e’tibor nisbatan sust.
- Bilib yoki bilmasdan dopingga tushib qolish va tizimli ravishda shakllanib borayotgan taqiqlangan moddalarni iste’mol qilish holatlari haqida nima degan bo‘lardingiz?
- Mamlakatimiz aholisi singari sportchilarimizning aksariyati islom diniga e’tiqod qilishini inobatga olsak, yuqoridagi salbiy omillar qoralanganligi haqida barchada tushuncha mavjud. Shunga qaramasdan, dopingdan foydalanayotgan sportchilar, shunga da’vat qilayotgan, kerak bo‘lsa ularni majburlayotgan murabbiy va mutasaddilar, afsuski, sportimizda yo‘q emas.
O‘zbekistonda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish hukumat darajasigacha ko‘tarilgan bir vaqtda, bunday «uddaburonlarning» qilmishlarini kuzatib borayotgan o‘zbek sporti kelajagi bo‘lgan yosh sportchilar orasidan yetishib chiqayotgan avlodning umidlari so‘nadi, katta sportning ommalashishi va rivojlanishi oqsoqlanadi. Shu kabi illatlar yo‘qolmas ekan bu holatlarga guvoh bo‘layotgan jamiyatning hukumatga nisbatan ishonchi ham tushib boraveradi.
Dastlabki yillarda shakllangan «G‘alaba va medallarga erishish uchun barcha vositalar yaxshi» degan zararli psixologiyadan bugun mutlaqo voz kechish zarur. Chunki «barcha vositalar» tushunchasiga doping iste’mol qilish ham mazmunan to‘g‘ri kelib, dopingchilar uchun bu allaqachon oqlovchi shiorga aylanib ulgurgan. Hukumatimiz tomonidan yaratib berilayotgan qulay imkoniyatlardan samarali foydalanish o‘rniga o‘z maqsadlari yo‘lida «cho‘ntaklarini» o‘ylab sportchilarni «qurbon» qilayotgan mutasaddilarni aslo kechirib bo‘lmaydi. Zero sport mutasaddilari har gal bizga doping evaziga, ya’ni «sportcha firibgarlik» yo‘li bilan qo‘lga kiritilgan sharmandali g‘alabalar va soxta qahramonlar kerak emas, ular mamlakatimizning xalqaro sport maydonlaridagi obro‘siga putur yetkazadi. Sportchilarimizdan faqat munosib ishtirok va halol bahs talab etamiz, deb bejiz takror-takror aytishmayapti.
Shuni qo‘shimcha qilmoqchiman, doping iste’mol qilishda qo‘lga tushgan sportchilar, ularning murabbiylari va qo‘llab-quvvatlagan yoki e’tiborsizlik qilgan sport tashkilotlarining mutasaddilariga nisbatan, unvoni va mansabidan qat’iy nazar tegishli jazo muqarrarligini ta’minlash zarur.
Xulosa o‘rnida shuni aytib o‘tmoqchiman, agar sportimizga tegishli har bir shaxs dopingchini qo‘llab-quvvatlamay, o‘zining manfaati yo‘lida unga shart-sharoit yaratib, halol sportchining rizqini uzmay, o‘ziga topshirilgan ishni o‘sha halol sportchi roziligi uchun qilsa, mamlakatimizda sport bilan faol shug‘ullanuvchi qariyb to‘rt million sportchiga, shu jumladan, nogiron sportchilarga ham qilingan yaxshilikning savobiga ega bo‘ladi.
Pirovardida, barchasi eng asosiy mezon – adolatga borib taqaladi. Adolat bo‘lsa, halol sportchilar har qanday qiyinchilikka chidaydi, har qanday jismoniy va ruhiy yuklamalarga bardosh beroladi. Toki mashaqqatli mehnatiga yarasha qadr ko‘radi, davlatidan, jamiyatidan, umridan rozi bo‘ladi. Bu – o‘zbek sportida dopingga qarshi kurashishda ulkan siljishga imkon yaratadi.
O‘zA muxbiri
suhbatlashdi.