Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari yaqinlashgan sari terma jamoa aʼzolari mashg‘ulotlar hajmi ortmoqda. Sport mutasaddilari tomonidan esa sportchilarga barcha sharoitlar yaratib berilmoqda.
Mutaxassislar sportchilar bilan doimiy ishlab kelmoqda, ruhan va jismonan tayyorgarlikni olib borishmoqda. Tokio-2020 Olimpiadasiga tayyorgarlik olib borayotgan terma jamoalarning aksariyat qismi tog‘ va tog‘oldi hududlarda o‘quv-mashg‘ulotlarni olib borishmoqda.
O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi ham yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan sportchilar bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi. Ularga antidoping qoidabuzarliklari, doping-sinamalarni topshirish tartibi va ADAMS tizimi, ruxsat etilgan dori moddalarini qo‘llashda terapevtik istisno bo‘yicha seminarlar tashkil etilib, tushuntirishlar berib borilmoqda.
Kuni kecha agentlikning Doping sinovlarini rejalashtirish va terapevtik istisnolar bo‘limi hamda Antidoping qoidabuzarliklar va ADAMS monitoringi bo‘limi xodimlari tomonidan Toshkent viloyati Karankul qishlog‘ida o‘quv-mashg‘ulotlarini olib borayotgan O‘zbekiston Rowing and Canoe federatsiyasi sportchilari, Jahon chempionati va Tokio 2020 olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan Zokirova Nilufar, Raxmatova Dilnoza, Turdiyev Alisher, Agafonov Yevgeniy va boshqa eshkak eshuvchilar bilan suhbat o‘tkazildi va kerakli tavsiyalar berildi.
O‘zMADAning asosiy vazifasi sportchilarni dopingsiz musobaqalarda qatnashish uchun asosiy huquqlarini himoya qilishdir. Qolaversa, jamoatchilikni va sportchilarni antidoping qoidalari to‘g‘risida xabardor qilish, dopingga nisbatan nol tolerantlik madaniyatini shakllantirish va sportda dopingni oldini olishga asoslangan qisqa, o‘rta va uzoq muddatli taʼlim dasturlarini amalga oshirish va qo‘llab-quvvatlashdir. Shuningdek, testlarni rejalashtirish va o‘tkazish, antidoping qoidalarini buzish holatlarini tekshirish, natijalarni qayta ishlash va buzilish asoslari bo‘yicha eshituvlar o‘tkazishdan iboratdir.
Milliy antidoping agentligi
Matbuot xizmati