Sport bayrami hisoblangan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga ham oz fursat qolmoqda.
To‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasi bo‘lgan ushbu ikki sport tadbirida mamlakatimiz sharafini yana-da yuksaltirishga intilayotgan sportchilarimiz uchun keng imkoniyat, qulay sharoitlar yaratilmoqda. Ularning yuqori marralarni egallashi esa xalqmiz qalbini g‘urur va iftixorga to‘ldiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ushbu yirik musobaqalarda sportchilarimizning har tomonlama tayyorgarligi va muvaffaqiyatli ishtirokini taʼminlash, Olimpiya va Paralimpiya harakatlarini yana-da rivojlantirish maqsadida joriy yilning 25 iyun kuni “2021 yilda Tokio shahrida (Yaponiya) bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi olimpiya va XVI paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sport delegatsiyasining ishtirokini taʼminlash hamda olimpiya sport turlarini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzolangan edi.
Mazkur qaror ijrosini taʼminlash maqsadida O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi ham sportchilar tomonidan antidoping qoidalariga qatʼiy rioya qilinishi ustidan samarali nazoratni amalga oshirgan holda o‘quv-seminarlar o‘tkazib kelmoqda.
Kecha agentlik xodimlari Toshkent viloyati Angren shahar Dukunt qishlog‘ida o‘quv-mashg‘ulotlarini olib borayotgan yunon rum va erkin kurashchilar bilan uchrashuv o‘tkazishdi. Unda, agentlikning Doping sinovlarini rejalashtirish va terapevtik istisnolar bo‘limi hamda Antidoping qoidabuzarliklar va ADAMS monitoringi bo‘limi xodimlari tomonidan sportchilar, murabbiylar va sport shifokorlari uchun antidoping o‘quv-seminarlari o‘tkazilib, dopingga qarshi kurashga oid turli qo‘llanma materiallar taqdim etildi.
Bu kabi amaliy o‘quv-seminarlar davom etadi. Zero, O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi barcha sportchilarga oldinda turgan katta sport tadbirida muvaffaqiyat tilaydi va mamlakat bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarishni tilab qoladi.
Milliy antidoping agentligi
Matbuot xizmati