O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi o‘z oldiga qo‘ygan vazifasini samarali ado etmoqda.
Tokio-2020 yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari oldidan litsenzion sport turlari hisoblangan ustuvor federatsiya va assotsiatsiya sportchilari bilan uchrashuvlar o‘tkazib kelmoqda.
Shunday o‘quv-seminarlardan navbatdagisi paralimpiyachilar bilan o‘tkazildi. Toshkent viloyati Angren shahri «Dukent» qishlog‘ida o‘quv-mashg‘ulotlarini olib borayotgan paralimpiyachilar oldinda turgan katta sport tadbiriga jiddiy tayyorgarlik olib borishmoqda. Bu yerda sportchilar reja asosan qatʼiy talab bilan mashg‘ulotlarni o‘tkazishmoqda.
Taʼkidlash lozim, sportchilar faqatgina amaliy mashg‘ulotlar bilan cheklanib qolmasliglari kerak. Shu sababli Agentlik xodimlari paralimpiyachilarimizga bilib yoki bilmasdan taqiqlangan dori vositalari isteʼmolidan ogoh bo‘lish, antidoping qoidalariga qatʼiy rioya qilish lozimligini uqtirib kelishmoqda.
Kuni kecha Agentlikning Doping sinovlarini rejalashtirish va terapevtik istisnolar bo‘limi hamda Antidoping qoidabuzarliklar va ADAMS monitoringi bo‘limi xodimlari tomonidan sportchilar, murabbiylar va sport shifokorlari uchun antidoping o‘quv-seminarlari o‘tkazildi va dopingga qarshi kurashga oid turli qo‘llanma materiallar taqdim etildi.
Bunday davra suhbatlari va o‘quv-seminarlarini o‘tkazishdan asosiy maqsad bo‘lajak chempionlarni halol sport ruxida tarbiyalashdan iboratdir.
Milliy antidoping agentligi
Matbuot xizmati