Tokio-2020 yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etadigan ustuvor federatsiya va assotsiatsiya sportchilari hozirda so‘ngi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini olib borishayotgan bo‘lsa, boks bo‘yicha terma jamoa aʼzolari Yaponiya poytaxti Tokio shahriga jo‘nab ketishdi va oxirgi tayyorgarlikni Tokioda olib boradigan bo‘lishdi.
Qolgan federatsiyalar esa pandemiya sharoitini inobatga olgan holda, tog‘ va tog‘ yonbag‘rilarida mashg‘ulotlarini davom ettirmoqda.
Milliy antidoping agentligi ham olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik olib borayotgan sportchilarga yaqindan ko‘maklashish maqsadida qator ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Jumladan, Agentlik xodimlari tomonidan doping tushunchasi, uning inson salomatligiga taʼsiri va sportchi uchun oqibati nimalarga olib kelishi yuzasidan o‘quv-seminarlar o‘tkazishmoqda bu esa sportchilarning nazariy bilimlarini mustahkamlanishiga sabab bo‘ladi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Shunday ustuvor federatsiyalardan biri O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasidir. Hozirda terma jamoa aʼzolari Toshkent viloyati Angren shahri «Dukent» sport bazasida so‘ngi yig‘in mashg‘ulotlariga kirishgan. Taʼkidlash lozim, bu safargi olimpiya o‘yinlarida federatsiya sportchilari o‘zlari uchun rekord natijani qayd etishdi. Sababi Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarida Rio-2016 dan farqli o‘laroq 3 nafar qilichbozimiz vatanimiz sharafini himoya qiladi. Bular, Sherzod Mamutov, Zaynab Dayibekova va Malika Raximovalardir.
Kuni kecha agentlikning Doping sinovlarini rejalashtirish va terapevtik istisnolar bo‘limi boshlig‘i Gulnoza Tursunova hamda Antidoping qoidabuzarliklar va ADAMS monitoringi bo‘limi boshlig‘i Nigora Azamatovalar tomonidan sportchilarga bilib yoki bilmasdan taqiqlangan dori vositalari isteʼmolidan ogoh bo‘lish, antidoping qoidalariga qatʼiy rioya qilish kerakligi bo‘yicha tushunchalar berishdi.
Shuningdek, o‘quv-seminarda sportchilar bilan birga murabbiylar, sport shifokorlari ham bevosita ishtirok etishdi va seminar davomida dopingga qarshi kurashga oid turli qo‘llanma materiallar taqdim etildi.
Milliy antidoping agentligi
Matbuot xizmati