Har bir sohada bo‘lgani kabi sportda ham salomatligida nuqsoni bo‘lgan, lekin tinim bilmay qilgan harakatlari evaziga yuksak marralarni egallab, mamlakat bayrog‘ini baland hilpirashiga muvaffaq bo‘layotgan sportchilar tahsinga loyiq!
So‘ngi yillarda mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlash, yosh avlodni jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishi uchun qulay sharoitlarni yaratib berish yo‘lida Hukumatimiz tomonidan ko‘plab amaliy ishlar olib borilmoqda. Havaskor sportchilarni professional darajagacha olib chiqish va professional sportchilarni esa mamlakat bayrog‘ini jahon arenalarida tanitish uchun barcha sharoitlar yaratib berilmoqda.
Albatta, sportchi deganda barchaning ko‘z o‘ngida sog‘lom, baquvvat inson gavdalanadi. Lekin shunday sportchilar borki ularni ko‘rib to‘rt muchasi sog‘lom baʼzi insonlarga rahming keladi. Ha bular salomatligida nuqsoni bo‘lgan matonat egalaridir!
Har bir sohada bo‘lgani kabi sportda ham salomatligida nuqsoni bo‘lgan, lekin tinim bilmay qilgan harakatlari evaziga yuksak marralarni egallab, mamlakat bayrog‘ini baland hilpirashiga muvaffaq bo‘layotgan sportchilar tahsinga loyiq!
Hozirda butun dunyo nigohi Yaponiya poytaxti Tokio shahriga qaratilgan. Sababi u yerda to‘rt yillikning eng nufuzli sport bayrami Olimpiya o‘yinlari o‘tkazilayotgan bo‘lsa, Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Mazkur o‘yinlarda O‘zbekiston sportchilari ham Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida munosib ishtirok etishmoqda va tayyorgarlik olib borishayotir.
Hozirda, Toshkent viloyatida joylashgan “Yangiobod” Respublika o‘quv-mashg‘ulotlar bazasida paralimpiya terma jamoasi aʼzolari o‘quv-mashg‘ulotlarini olib borishmoqda. Sportchilarimiz Paralimpiya o‘yinlarida munosib ishtirok etishlari uchun barcha sharoitlar yaratib berilgan. Bunday katta sport tadbiri oldidan sportchilarni jismoniy chiniqtirish yaxshi albatta, lekin jismoniy mashg‘ulotlarni o‘zi kamlik qiladi, ularni nazariy bilimlarini ham oshirish lozim.
Shu maqsadda kuni kecha O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi bosh direktori Nodirjon Tursunov o‘quv-mashg‘ulotlar bazasiga tashrif buyurdi. Sport tibbiyoti sohasida Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi sport shifokori (IPC Medical Classifier Certificate) hisoblangan N.Tursunov sportchilar bilan suhbatlashdi va ularga kerakli tavsiyalarini berdi.
O‘z navbatida o‘quv-mashg‘ulot jarayonlarini ham kuzatdi. Paralimpiya o‘yinlariga oz vaqt qolganini hisobga olib, sportchilar jarohat olmasligi uchun nimalar qilish lozim ekani unday holatlarda esa qanday usullardan foydalanish lozimligi borasida murabbiylarga ham tushuntirishlar berdi.
Maʼlumot uchun aytib o‘tmoqchimiz, Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etuvchi O‘zbekiston delegatsiyasi aʼzolari 20 avgust kuni kunchiqar yurt Yaponiyaga uchib ketishadi. Oldinda turgan katta sport tadbirida paralimpiyachilarimizga omad yor bo‘lishini tilab qolamiz!
Milliy antidoping agentligi
Matbuot xizmati