Ayni kunlarda voleybol bo‘yicha erkaklar va ayollar terma jamoa aʼzolari Toshkent viloyatida o‘quv-mashg‘ulotlarini olib borishmoqda.
Hozirgi kunda barcha sport ixlosmandlarining nigohi Yaponiyaga qaratilgan. XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlariga mezbonlik qilayotgan Tokio shahri dunyoning manaman degan sport yulduzlari bilan gavjum. Eʼtiborli tarafi bo‘lajak chempionlar qatorida yurtimiz bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarishga shay turgan mahoratli sportchilarimiz ham ishtirok etishmoqda. To‘g‘ri, mamlakatimizda yakkalik sport turlari bo‘yicha sportchilarimiz jahonning ko‘zga ko‘ringan atletlari bilan birinchilik uchun olishishlari mumkin, biroq voleybol, basketbol, futbol kabi sport turlarida biroz oqsamoqdamiz.
Jamoaviy qiziqarli va hayajonga boy sport turi hisoblangan voleybol mamlakatimizda rivojlanib, yildan-yilga o‘sib borayotgan sport turlaridan biri hisoblanadi. Voleybol tarixan olib qaraganda 1964 yilda yozgi Olimpiya o‘yinlariga kiritilgan va dastlabki olimpiadada erkaklar o‘rtasida SSSR jamoasi g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, ayollar o‘rtasida esa kun chiqar yurt yaponiyaliklar birinchilikni qo‘lga kiritishgan.
Hozirgi kunda mamlakatimizda ham voleybol sportiga katta eʼtibor berilmoqda. Yangi tizim ishlab chiqilib, shu asosida sportchilarni saralab terma jamoaga taklif etishmoqda. Voleybol bo‘yicha O‘zbekiston kubogi va chempionatlari o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur chempionatlarda yangi nomlar kashf qilinmoqda va seleksiya ishlari olib borilayotir. Alohida taʼkidlab o‘tishimiz lozim, voleybol bo‘yicha erkaklar va ayollar terma jamoasi aʼzolari xalqaro o‘quv-mashg‘ulotlar yig‘inlari va musobaqalarda ishtirok etib kelishmoqda.
Ayni kunlarda voleybol bo‘yicha erkaklar va ayollar terma jamoa aʼzolari Toshkent viloyatida o‘quv-mashg‘ulotlarini olib borishmoqda. Federatsiya taklifiga binoan O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi bosh direktori Nodirjon Tursunov boshchiligida agentlikning Antidoping qoidabuzarliklar va ADAMS monitoringi bo‘limi boshlig‘i Nigora Isaxadjayevna hamda Doping sinovlarini rejalashtirish va terapevtik istisnolar bo‘limi boshlig‘i Gulnoza Baxtiyorovnalar sportchilar va murabbiylarga doping tushunchasi, uning inson salomatligiga taʼsiri va sportchi uchun oqibati nimalarga olib kelishi yuzasidan o‘quv-seminari o‘tkazildi bu esa sportchilarning nazariy bilimlarini mustahkamlanishiga sabab bo‘ladi.
“Har bir sportchi, murabbiy va sport shifokorlari bilishlari lozim, hozirgi kunda har xil tabletkalar, antibiotiklar ko‘payib ketgan. Bularning hammasi ham sportchi uchun foyda emas aksincha zararga ishlaydiganlari ham mavjud. Shuning uchun qanday dori vositalarini isteʼmol qilishingizdan qatʼiy nazar sport shifokoringiz bilan maslahatlashing yoki agentlikka murojaat qiling. Malakali xodimlarimiz o‘z tavsiyalarini berishga tayyor”, - dedi Nodirjon Tursunov.
Seminar davomida sportchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi va mutasaddilar tomonidan tegishli javoblar qaytarildi.
Bunday o‘quv-seminarlar doimiy tarzda ustuvor federatsiya va assotsiatsiyalar bilan hamkorlikda o‘tkazib kelinmoqda.
Milliy antidoping agentligi
Matbuot xizmati