Xabaringiz bor Yaponiya poytaxti Tokio shahrida Paralimpiya o‘yinlari davom etmoqda.
IPC Xalqaro Paralimpiya qo‘mitasining Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlari davomida COVID-19 ga qarshi kurash bo‘yicha maxsus guruhi aʼzolari bilan onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuvda sport delegatsiya bosh shifokorlari va COVID-19 bo‘yicha menejeri (COVID Liasion Officer - CLO) koronavirusning sport delegatsiyalari aʼzolari orasida keng tarqalishining oldini olish, epidemiologik vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish muhimligi taʼkidlab o‘tildi.
Maʼlumki, Paralimpiya o‘yinlarining boshlanishi Yaponiya davlatida koronavirus infeksiyasi tarqalishining navbatdagi to‘lqiniga to‘g‘ri keldi va bu tabiiyki Paralimpiada qatnashchilari orasida koronavirus bilan xastalanganlar va pozitiv natijali PSR testlar sonini ortishiga olib keldi. Hozirgi kunga kelib, ko‘plab sport jamoalarida 10% va undan ortiq delegatsiya jamoalarida COVID kasalligi tasdiqlanib ular o‘rnatilgan tartibda Tokio shifoxonalariga joylashtirilgan bo‘lsa, o‘rtacha 20-37% jamoalar tarkibida kunlik topshirilgan PSR natijalari pozitiv chiqqanligi sababli ular darajasiga ko‘ra Paralimpiya shaharchasida yoki undan tashqarida maxsus ajratilgan mehmonxonalarda 7 kunlik karantin kuzatuvi uchun joylashtirilmoqda.
Bu borada IPC Xalqaro Paralimpiya qo‘mitasining Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlari davomida COVID-19 ga qarshi kurash bo‘yicha maxsus guruhi raisi Tom Rikkets tomonidan O‘zbekiston paralimpiya sport delegatsiyasida epidemiologik qiyinchiliklarga qaramasdan barqaror vaziyat saqlanib turishi, bugungi kunga ko‘ra Paralimpiya shaharchasida va mehmonxonada kuzatuv ostiga olinganlar bo‘lsada, lekin jamoada bironta tasdiqlangan COVID-19 holati qayd etilmagani alohida taʼkidlab o‘tildi.
Bunga javoban O‘zbekiston Paralimpiya sport delegatsiyasining bosh shifokori N.Tursunov 81 nafar aʼzodan iborat jamoamiz Paralimpiya shaharchasiga tashrif buyurgan kunidan boshlab shaxsiy gigiyenaga rioya qilish, ijtimoiy masofani saqlash, niqob taqish, o‘zaro muloqotlarni keskin kamaytirish va boshqa sport delegatsiyalarining vakillari bilan bevosita aloqalarga kirishmaslik, sportchilar va murabbiylarning ovqatlanishini umumiy oshxonada emas, balki ajratilgan xonalarga yetkazib isteʼmol qilish bo‘yicha qatʼiy choralarni joriy etilishi, bunda jamoaning to‘g‘ri fikrga egaligi, bir yoqadan bosh chiqarib maqsad sari intilishi va yuqori masʼuliyat bilan yondashishga erishilgan natijaning asosiy sabablari deb bilishi haqida fikr bildirdi.
Darhaqiqat, Xalqaro Paralimpiya qo‘mitasining Tibbiyot departamenti bergan axborotiga ko‘ra, Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlarida 80 dan ortiq ishtirok etayotgan davlatlar ichida O‘zbekiston delegatsiyasi hozirda epidemiologik vaziyati eng barqaror davlatlar o‘ntaligidan joy olgan.
Bunday murakkab vaziyatda albatta jamoamiz yana-da jipslashib, qiyinchiliklarga qaramasdan yuksak sport natijalariga erishishiga ishonamiz.
Milliy antidoping agentligi
Matbuot xizmati