Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etayotgan o‘zbekistonlik sportchilarning so‘ngi vakili Guljanoy Naimova ham o‘z chiqishini yakunladi.
Para-taekvondo bo‘yicha ayollar o‘rtasida +58 kg vazn toifasidagi hamyurtimiz Guljanoy Naimova biroz avval final jangini yakunladi. Oltin medal uchun kechgan jangda vakilimizga braziliyalik Menezes Bezerra raqiblik qildi. Quvonarlisi, hamyurtimiz musobaqaning ikkinchi raqamli sportchisini 8:4 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi va oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Shunday qilib, delegatsiyamiz hisobidagi medallar soni 19 taga yetdi. Vakillarimiz 8 ta oltin, 5 ta kumush va 6 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida hozircha 16 o‘rinni egallab turibdi.
Bir so‘z bilan aytganda paralimpiyachilarimiz yaxshi natija qayd etishdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. To‘g‘ri, Rio-2016 Paralimpiya o‘yinlariga qaraganda kumush va bronza medallarini jamg‘arish bo‘yicha biroz pastroq natija, ammo, barchamiz guvohi bo‘ldik, matonatli sportchilarimiz borlarini berib harakat qilishdi.
Maʼlumot uchun aytib o‘tmoqchimiz delegatsiyamiz vakillari 6 sentyabr kuni yurtimizga qaytib kelishadi.
Tashakkur yuksak iqtidor egalari, matonat sohiblari!