O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi sportchilar va murabbiylarga dopingni inson salomatligiga taʼsiri to‘g‘risida tushunchalar berish bilan bir qatorda mamlakat sportchilari huquqlarini himoya qilish bilan ham shug‘ullanadi.
Kuni kecha agentlik tomonidan Jismoniy tarbiya va sport mutaxassislarini ilmiy-uslubiy taʼminlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida respublikamizning sport maktablarida faoliyat yuritayotgan bir guruh uslubchi-yo‘riqchilari uchun antidoping seminar-treningi o‘tkazildi.
Mazkur o‘quv-seminarda agentlik bosh direktori Nodirjon Tursunov taʼlim dasturidan o‘rin olgan maʼlumotlarni tinglovchilarga yetkazdi. Jumladan, doping tushunchasi va muammosining hozirgi kundagi holati, O‘zbekistonda dopingga qarshi kurash tamoyillari va uslublari hamda doping isteʼmolining salomatlikka salbiy taʼsiri to‘g‘risida tushunchalar berdi.
Seminar yakunida tinglovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javob olishdi.