Xabaringiz bor, joriy yilning 25 oktyabr kuni Parij shahrida boshlangan YUNESKO tashkilotining Sportda dopingga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro konvensiyasiga aʼzo-davlatlari tomonidan VIII Sessiyasining yakuniy ish kunida O‘zbekiston antidoping tizimiga yuqori baho berildi.
Sessiya Parij shahridagi YUNESKO bosh qarorgohida o‘tkazildi. Mamlakatimiz delegatsiyasiga O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi bosh direktori, YUNESKO Konvensiyasiga munosiblik bo‘yicha milliy platformasi (National Compliance Platform) raisi Nodirjon Tursunov rahbarlik qildi. Maʼlumki, Konvensiya aʼzolari “UNESCO Anti-Doping Logic” maxsus dasturi orqali ikki yilda bir marta Konvensiya talablari bajarilishining sifati, hajmi va to‘liqligi yuzasidan hisobot taqdim etishadi.
Ushbu hisobotda tomonlar o‘z mamlakatlarida antidoping harakatining holati, antidoping sohasida asosiy milliy regulyator sifatida milliy antidoping tashkilotining tutgan o‘rni, sportda dopingga qarshi kurashish borasida davlat va nodavlat tashkilotlar o‘rtasida hamda idoralararo va xalqaro hamkorlik, antidoping taʼlim dasturlarini joriy etish, targ‘ibot va tashviqot ishlari, shuningdek, antidoping tadqiqotlariga oid Konvensiyada tartibga solingan barcha masalalar yuzasidan so‘rovlarga javoban batafsil maʼlumot beradilar.
Sessiyaning yakuniy kuni yaʼni 28 oktyabrda bo‘lib o‘tgan YUNESKO anjumani davomida taqdim etilgan ushbu hisobot asosida Sessiya prezidiumi O‘zbekiston Respublikasi YUNESKO Sportda dopingga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro konvensiyasi talablariga to‘liq (100%) javob beradi deya eʼtirof etdi. Shu munosabat bilan VIII Sessiya prezidenti, janob Markus Diaz O‘zbekiston Respublikasiga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, UNESCO Anti-Doping Logic maxsus dasturi taʼsis etilganidan beri 2019 yildagi birinchi hisobot natijalariga ko‘ra O‘zbekiston 72% “qoniqarli” munosiblik darajasini namoyish etgan edi.
Shuning bilan, YUNESKO tashkilotining Sportda dopingga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro konvensiyasiga aʼzo-davlatlarining to‘rt kunlik VIII Sessiyasi o‘z nihoyasiga yetdi.
Milliy antidoping agentligi
Matbuot xizmati