Joriy yilning sentyabr oyida Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida o‘tkazilgan I MDH o‘yinlarida ishtirok etgan muay-tay sport turi bo‘yicha terma jamoa aʼzosi Faxriddin Xasanovdan olingan doping-sinamasida taqiqlangan modda aniqlandi.
I MDH o‘yinlarida 57 kg vazn toifasida ishtirok etgan sportchi Faxriddin Xasanov oltin medalga sazovor bo‘lgan edi. Joriy yilning 8 sentyabr kuni musobaqa jarayonida topshirgan doping-sinamasidan “meldoniy” taqiqlangan moddasi aniqlangan. “Meldonium” taqiqlangan moddalar ro‘yxatining S4. Gormonlar va metabolizm modulyatorlari sinfiga mansub hisoblanadi.
Butunjahon antidoping agentligining (WADA) Xalqaro testlash va tergov-surishtiruv bo‘yicha standarti talablariga asosan, F.Xasanov joriy yilning 8 oktyabridan boshlab mazkur holat Rossiya antidoping agentligi (RUSADA) tomonidan to‘liq o‘rganilishi va tegishli qaror chiqazilgunga qadar sport faoliyatidan vaqtincha chetlashtiriladi.
Eslatma! Antidoping qoidalarini buzgan sportchilar, murabbiylar, shifokorlar va boshqa shaxsiy tarkib vakillari uchun jazo muqarrardir!.
Milliy antidoping agentligi
Matbuot xizmati