Kuni kecha O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasining navbatdan tashqari Bosh Assambleya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi M.Tashxodjayev, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi rahbariyati, xodimlari, trenerlari va viloyat bo‘limlari vakillari ishtirok etishdi. Shuningdek, O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi Bosh dirketori Nodirjon Tursunov ham ishtirok etdi.
Bosh Assambleya yig‘ilishini O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Tashxodjayev kirish so‘zi bilan ochib berdi. So‘ngra yig‘ilishda kun tartibidan o‘rin olgan birinchi masala – joriy yilning 28 noyabridan 8 dekabriga qadar Bahrayn davlatida o‘tkaziladigan Yoshlar o‘rtasidagi Para Osiyo o‘yinlarida ishtirok etish va 2022 yil Xitoyning Xanjchou shahrida bo‘lib o‘tadigan Para Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish to‘g‘risida O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi vazifasini bajaruvchi O.Gafurov so‘zga chiqdi.
Shundan so‘ng tashkiliy masalalar (qo‘mita rais o‘rinbosari, Bosh kotib va ijroiya qo‘mita aʼzolarini qaytadan saylash) ko‘rib chiqildi. Jumladan, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimiga Sharifjon Momindjanov nomzodi, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi lavozimiga Omon Gafurov nomzodi ovozga qo‘yildi. Har ikkala nomzod ham delegatlar tomonidan bir ovozdan maʼqullandi.