Joriy yilning 12 noyabr kuni poytaxtimizdagi “Yunusobod sport majmuasi”da kattalar o‘rtasida sambo bo‘yicha jahon chempionatiga start berilgan edi.
Jahon chempionatining birinchi kunida o‘zbekistonlik sambochilar -50 kg vazn toifasida Sabina Davlatova kumush, -59 kg vaznli Ibodatxon Agojonova hamda +98 kg vaznli jangovar sambochimiz Hakimjon Ismoilov bronza medalini terma jamoamiz hisobiga qo‘shib qo‘yishdi. Chempionatning ikkinchi kunida esa birinchi kunga nisbatan yaxshi natijalar qayd etildi desak bo‘ladi.
Erkaklar o‘rtasida -88 kg vazn toifasida Ixtiyor Eshmurodov, shuningdek -58 kg vaznda jangovar sambochimiz Bahodir Bakiyev oltin medalga ega chiqishdi. -79 kg vazn toifasida Ulug‘bek Rahmonov, hamda -64 kgda jangovar sambo yo‘nalishida Oybek Soliyevlar kumush medalni qo‘lga kiritishdi.
Shu tariqa, ortda qolgan ikki kun davomida O‘zbekiston terma jamoasining jahon chempionatidagi medallari soni 7 taga yetdi. Sportchilarimiz 2 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronza medallarini qo‘lga kiritishgan. Bugun chempionatning so‘nggi kuni doirasida yana 7 ta vazn toifasida g‘olib va sovrindorlar nomi maʼlum bo‘ladi.
Mazkur jahon chempionatida sportchilardan doping-sinamalarni olish O‘zbekiston Milliy antidoping agentligiga ishonib topshirildi. Agentlik bosh direktori Nodirjon Tursunov boshchiligidagi jamoa yuqori kayfiyatda faoliyat olib bormoqda.
O‘z navbatida Agentlik faoliyatini Xalqaro sambo federatsiyasi (FIAS) antidoping bo‘limi boshlig‘i Kamila Xajkova ham kuzatib bormoqda va agentlik faoliyatini, xodimlarning o‘zaro uyushqoqlik bilan ish olib borayotganini yuqori baholadi.
Milliy antidoping agentligi
Matbuot xizmati