Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga ko‘ra, sayyoramiz aholisining 15 foizi (bir milliarddan ortiqroq inson) nogironlikning u yoki bu turidan aziyat chekadi. 60 yoshdan oshganlarning 46 foizini nogironlar tashkil qiladi. Yer yuzidagi nogironligi bor insonlarning 10 foizi esa bolalardir. Dunyoda bunday insonlarning 80 foizdan ortiqrog‘i rivojlanayotgan mamlakatlarda istiqomat qiladi.
Ularning hayot tarzini yaxshilashga dunyo miqyosida eʼtibor qaratish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 1992 yilda 3 dekabr “Xalqaro nogironlar kuni” deb eʼlon qilingan va shu kundan boshlab butun dunyoda keng nishonlanib kelinmoqda.
O‘zbekistonda ham nogironligi bo‘lgan shaxslarning manfaatlarini himoya qilish, ularni jamiyatimizning to‘laqonli aʼzosi ekanliklarini ko‘rsatish maqsadida turli tadbir va islohotlar amalga oshirilmoqda. Buning ortidan esa har bir sohada ular faol va birinchilar qatorida borishmoqda.
Shu yil o‘tkazilgan Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlarida ham mamlakatimiz para-atletlari 19 ta medalni qo‘lga kiritishdi. Vakillarimiz 8 ta oltin, 5 ta kumush va 6 ta bronza medallarini yurtimizga olib kelishdi. Albatta, bu kabi g‘alabali yurishlar ortida Muhtaram Prezidentimiz tomonidan imkoniyati cheklangan shaxslarga qaratilayotgan yuksak eʼtibor natijasidir.
O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi jamoasi, sportchi va murabbiylarini bugungi sana munosabati bilan muborakbod etadi.