Sportning barcha turlari bilan shug‘ullanuvchilar uchun jismoniy mashqlar g‘alabaga eltuvchi asosiy omil hisoblanadi.
Baʼzi sport turlari uchun esa biologik faol qo‘shimchalar, sport ozuqalarini isteʼmol qilish ham talab etiladi, lekin bunday ozuqalarning hammasi ham sportda ruxsat etilmagan yani taqiqlangan bo‘lishi mumkin.
Hamyurtimiz og‘ir atletika bo‘yicha yoshlar terma jamoasi aʼzosi Maftuna Ismoilova O‘zbekiston Milliy antidoping agentligining “Milliy test ro‘yxati”ga kiritilgan bo‘lib, rejali tarzda doping-nazoratidan o‘tishi belgilangan. Ismoilova joriy yilning noyabr oyida o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini davomida topshirgan doping-sinamasida “oksandrolon” va “stanozolol” taqiqlangan anabolik gormonal moddalar aniqlandi. Hozirda holat yuzasidan o‘rganish ishlari boshlangan.
Butunjahon antidoping agentligining (WADA) Xalqaro testlash va tergov-surishtiruv bo‘yicha standarti talablariga asosan, M.Ismoilova joriy yilning 8 noyabr kunidan boshlab mazkur holat O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi (O‘zMADA) tomonidan to‘liq o‘rganilishi va tegishli qaror chiqazilgunga qadar sport faoliyatidan vaqtincha chetlashtiriladi.
Maʼlumot uchun shuni aytib o‘tish joizki, “oksandrolon” va “stanozolol” moddalari ko‘p holatlarda turli biologik faol qo‘shimchalar tarkibida uchraydi, lekin ishlab chiqaruvchilar tomonidan yo‘riqnomada yoki mahsulotning qadog‘ida bu haqida maʼlumot berilmaydi. Shuning uchun tekshirilmagan, ishonchsiz biologik faol qo‘shimchalar, sport ozuqalarini isteʼmol qilishda sportchilarimiz eʼtiborli bo‘lishlari zarur.
Eslatma! Antidoping qoidalarini buzgan sportchilar, murabbiylar, shifokorlar va boshqa shaxsiy tarkib vakillari uchun jazo muqarrardir!.
Milliy antidoping agentligi
Matbuot xizmati