O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 3 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–3457-sonli qaroriga muvofiq tashkil etiglan Agentlik samarali faoliyat olib bormoqda. Agentlikning asosiy vazifasi sportchilarning dopingsiz musobaqalarda qatnashish uchun asosiy huquqlarini himoya qilishdir.
O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi boshqa har qanday antidoping tashkiloti singari Butunjahon antidoping agentligi (WADA) bilan ish faoliyatini olib boradi.
2019 yilda WADA tomonidan tuzilgan audit guruhi Agentlikning joylashishi, tashkiliy tuzilmasi, moliyalashtirilishi hamda operatsion faoliyati yuzasidan qator kamchiliklar va ularni bartaraf etish bo‘yicha amaliy takliflarni bildirgandi.
Mana oradan ikki yil o‘tib ushbu davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar, xususan, xodimlar soni, moliyalashtirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlanishi, maqsadli doping-testlash hamda qon doping-testlashni yo‘lga qo‘yilgani O‘zbekiston Respublikasi YUNESKO Sportda dopingga qarshi kurashish bo‘yicha Xalqaro konvensiyasi hamda Butunjahon antidoping kodeksi talablariga to‘liq rioya etadi degan xulosa berishga asos bo‘ldi.
O‘z navbatida O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi murakkabligi bo‘yicha turli peshob va qon doping-sinamalarini mashg‘ulotlar va musobaqalar davomida sportchilardan yig‘ib xorijiy antidoping laboratoriyalariga yuborish huquqini yana bir bor mustahkamlab oldi.
Shunday qilib, akkreditatsiya 3 yilga berilgan bo‘lib, bu muddat ichida mamlakatimiz sportchilari istalgan xalqaro musobaqalarda davlat bayrog‘i va madhiyasi yangragan holda ishtirok etishi, shuningdek O‘zbekistonda turli xalqaro sport tadbirlarini o‘tkazishi mumkin bo‘ladi.
Milliy antidoping agentligi
Matbuot xizmati