Xabaringiz bor, Tokio-2020 Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari oldidan barcha sportchilardan doping-sinamalar olindi. Ushbu amaliyot qo‘llanilishiga asosiy sabab musobaqadan so‘ng sportchining natijasi bekor qilinishini oldini olishdir.
Agarda musobaqadan oldin olingan doping-sinamada taqiqlangan modda aniqlanadigan bo‘lsa musobaqalarga qo‘yilmasligi va surishtiruv ishlariga jalb qilingan holda o‘z mamlakatiga qaytarib yuborilishi yo‘lga qo‘yildi.
Bu amaliyot qo‘llanilishi orqali tashkiliy qo‘mita bir muncha ijobiy natijaga erishdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Jahon chempioni, besh karra Yevropa chempioni va to‘rt karra Paralimpiya o‘yinlari sovrindori hisoblangan ukrainalik Yaroslav Denysenko yaqqol misol desak bo‘ladi.
U Tokio-2020 o‘yinlari arafasida topshirgan doping-sinamasidan taqiqlangan “gidroxlortiazid” moddasi aniqlangani uchun Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etishdan mahrum etilgan. Shunday qilib, komissiya qaroriga ko‘ra sportchi 2023 yil 9 avgustga qadar sportdan chetlashtirildi.
Eslatib o‘tamiz, Yaroslav Denisenko ko‘zi ojizlar suzish sportida ishtirok etib, Rio-2016 Paralimpiya o‘yinlarida 100 M va 400 M erkin suzish, 100 M batterflyay va 200 M kompleks suzish turlarida to‘rtta bronza medallarini qo‘lga kiritgan edi.
Milliy antidoping agentligi
Matbuot xizmati