O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi 2018 yilda faoliyatini boshlagan bo‘lsa, shu kunga qadar qator xalqaro va mahalliy sport tashkilotlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan holda, ishlab kelmoqda.
Chempionlarimiz katta yutuqlarga erishishi, mamlakat bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarishi uchun tinim bilmay harakat qilishadi. Musobaqalarda halol yo‘l bilan g‘alabaga erish esa eng asosiy vazifa hisoblanishi lozim.
Ustuvor hisoblangan federatsiya va assotsiatsiya, sport taʼlim muassasalari sportchilari, sport shifokorlari hamda murabbiylari uchun antidoping o‘quv-seminarlari o‘tkazib kelinmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Og‘ir atletika federatsiyasi taklifiga binoan, O‘zbekiston Davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini olib borayotgan og‘ir atletika terma jamoasi aʼzolariga O‘zbekiston Milliy antidoping agentligining Antidoping taʼlim dasturlari bo‘limi xodimlari tomonidan “Dopingning inson salomatligiga taʼsiri” to‘g‘risida o‘quv-seminar tashkil etildi.
Seminar davomida sportda doping qo‘llanilishining oldini olish va dopingga qarshi kurashish sohasida yagona davlat siyosatini samarali amalga oshirish, sportda dopingga qarshi kurash to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya, Butunjahon antidoping kodeksi va boshqa xalqaro antidoping standartlari talablariga rioya etilishi bo‘yicha maʼlumotlar berildi.
Mazkur o‘quv-seminarda murabbiylar, sport shifokorlari va bir qator nomdor sportchilarimiz ham ishtirok etishdi. Alohida taʼkidlab o‘tishimiz lozim, ushbu tadbirda Tokio-2020 olimpiya o‘yinlari chempioni, rekordchisi Akbar Jo‘rayev ham diqqat bilan kuzatib bordi. Seminar yakunida sportchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga yuzlanishdi va kerakli tavsiyalarni olishdi.
Unutmang, musobaqalarda halol yo‘l bilan g‘alaba qozonish har bir sportchi oldida turgan eng katta vazifadir!
Eslatma! Antidoping qoidalarini buzgan sportchilar, murabbiylar, shifokorlar va boshqa shaxsiy tarkib vakillari uchun jazo muqarrardir!.
Milliy antidoping agentligi
Matbuot xizmati