O‘zbek milliy kurashini jahon miqyosida namoyish etish va Olimpiya o‘yinlariga kiritish rejalashtirilgan.
Buyuk ajdodlarimizdan meros bo‘lgan kurashning boy anʼanalari va qadriyatlarini kelajak avlodlarga yetkazish, o‘zbek sporti brendi nomi bilan kurashning jahon arenasidagi rolini oshirish, yoshlarni ushbu milliy sport turimizga bo‘lgan qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish orqali ularda vatanparvarlik tuyg‘usini yana-da mustahkamlash, aholining barcha qatlamlari, ayniqsa yoshlarning, shuningdek, jahon xalqlarining mazkur sport turi bilan shug‘ullanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yana-da oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi.
Mazkur qaror qabul qilingandan so‘ng mamlakatimizda kurashga bo‘lgan eʼtibor yana ortdi. O‘zbek milliy kurashini jahon miqyosida namoyish etish va Olimpiya o‘yinlariga kiritish rejalashtirilgan. Buning uchun esa albatta sportchilarimizdan ko‘proq o‘quv-mashg‘ulotlarda ishtirok etish va o‘zlariga bo‘lgan ishonchni orttirish talab etiladi.
Hozirda kurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi aʼzolari Toshkent shahridagi 173-sonli umumiy o‘rta taʼlim maktabida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida ishtirok etishmoqda. O‘zbek sporti bo‘lgan kurashni dunyoga tanitish uchun esa sportchilardan halol kurashish talab etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi Antidoping taʼlim dasturlari bo‘limi xodimlari sportchilar sportda taqiqlangan moddalarni isteʼmol qilishini oldini olish va qoidalarga rioya etishlari yuzasidan “Antidoping qoidabuzarlik turlari” mavzusida o‘quv-seminar o‘tkazishdi.
Mazkur o‘quv-seminar polvonlarimiz bilan birinchi bor o‘tkazilayotgan emas. O‘tgan 2021 yilda maxsus ishlab chiqilgan reja asosida ko‘plab federatsiya va assotsiatsiya, sport taʼlim muassasalari sportchilari, sport shifokorlari va murabbiylari uchun tashkil etilgan edi.
Seminar davomida sportchilarga doping to‘g‘risida qay darajada tushunchaga ega ekanliklarini aniqlash maqsadida tarqatma testlar ham berildi. Shuningdek, o‘quv-seminar yakunida polvonlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga murojaat qilishdi va kerakli tavsiyalarni olishdi.
Milliy antidoping agentligi
Matbuot xizmati