O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi (O‘zMADA) ko‘plab xorijiy tashkilotlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
O‘zMADA Qozog‘iston, Turkiya va ko‘plab Milliy antidoping agentliklari bilan turli yo‘nalishlarda hamkorlik qilib kelmoqda.
Onlayn Zoom platformasi orqali Butunjahon antidoping agentligi masʼul xodimlari bilan Agentlik bosh direktori Nodirjon Tursunov o‘rtasida muloqot o‘tkazildi.
Maʼlumki, sportchilar yuksak natijalarni qayd etishi hamda halol yo‘llardan foydalanishi va taqiqlangan moddalarni isteʼmol qilmasligi uchun tegishli targ‘ibot-tashviqot ishlari amalga oshirilishi zarur. Bunday tadbirlarning zamonaviy shakllaridan biri - elektron taʼlim platformasi orqali maqsadli guruhlarni o‘qitish va savodxonligini oshirishdir.
Butunjahon antidoping agentligi (WADA) ning ADEL elektron antidoping taʼlim platformasi ingliz va fransuz tillarida ishlab chiqilgan platformadir. O‘zMADA WADA bilan bu sohada hamkorlik to‘g‘risida memorandumni imzoladi. Unga ko‘ra, WADA ADEL elektron platformasining kontenti O‘zMADA mutaxassislari tomonidan to‘liq o‘zbek tiliga o‘girilib, WADA ADEL platformasiga yuklanadi.
Mazkur platformada o‘zbek tili dasturi yaratilgandan so‘ng o‘zbekistonlik sportchilar, murabbiylar, sport tibbiyoti xodimlari, sportchilarning ota-onalari va sport tashkilotlari mutasaddilari ushbu platformadan masofadan turib foydalanishlari mumkin bo‘ladi.
O‘z navbatida bu platformada qanday ishlanadi degan o‘rinli savol tug‘ilishi mumkin. Mashg‘ulotlar va musobaqalardan chalg‘imagan holda kompyuter, planshet hamda mobil ilova orqali foydalanishlari va o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblarni istalgan vaqtda topish imkoniyati yaratiladi. WADA ADEL elektron o‘quv dasturini muvaffaqiyatli o‘tagan foydalanuvchilarga belgilangan shaklda elektron guvohnoma (sertifikat) taqdim etiladi.
Maʼlumot uchun aytib o‘tmoqchimiz, mazkur platformada o‘zbek tili kontenti yaratilgandan so‘ng unda ishlash bo‘yicha qo‘shimcha maʼlumotlar va video-rolik taqdim etiladi.
Milliy antidoping agentligi
Matbuot xizmati