Xabaringiz bor ilk marotaba tashkil etilgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatiga poytaxtimiz mezbonlik qildi.
Taʼkidlash lozim mazkur musobaqada vakillarimiz ishonchli ishtirok etishdi. Bokschilarimiz 16 ta oltin, 1 ta kumush va 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan holda umumjamoa hisobida 1-o‘rinni qayd etishdi.
Eslatib o‘tamiz, medallarning 13 tasini (12 ta oltin, 1 ta kumush) yigitlar qo‘lga kiritgan bo‘lsa, qizlarimiz 7 tasini (4 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza) o‘zlariniki qilishdi.
Ushbu chempionatda sportchilardan doping-sinamalar olish O‘zbekiston Milliy antidoping agentligiga ishonib topshirildi. Agentlik bosh direktori Nodirjon Tursunov boshchiligidagi agentlik xodimlari va ko‘ngilli volontiyorlar guruhi bildirilgan ishonchni oqlashdi.
Osiyo birinchiligida Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) buyurtmasiga ko‘ra jami 35 ta doping-sinama olingan bo‘lib, shundan 23 ta yigitlardan va 12 ta qizlarga to‘g‘ri kelmoqda.
Taqvimga ko‘ra, kunlik musobaqalar finalidan so‘ng doping-sinamalar olinishi kerak edi, maʼlum bir sabablarga ko‘ra taqvimga o‘zgartirish kiritildi va barcha final janglari bir kunga belgilandi. Bu esa ketma ket final janglardan so‘ng u yoki bu tanlangan sportchidan doping-sinmalar olishni talab etadi. O‘ziga xos murakkab vaziyatdan agentlik xodimlari chiqib ketishdi va missiyani muvaffaqiyatli bajarishdi. Bu esa o‘z navbatida Butunjahon antidoping agentligi (VADA) va Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) tomonidan eʼtirof etildi.
Sportchilardan olingan doping-sinamalar tekshirish uchun Avstriya antidoping laboratoriyasiga yuborildi.
Milliy antidoping agentligi
Matbuot xizmati