Sportda doping qo‘llanilishining oldini olish va dopingga qarshi kurashish sohasida yagona davlat siyosatini samarali amalga oshirish, sportda dopingga qarshi kurash to‘g‘risidagi Xalqaro konvensiya, Butunjahon antidoping kodeksi va boshqa Xalqaro antidoping standartlari talablariga rioya etilishini taʼminlash faoliyat olib borayotgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi bugun o‘zbek sportchilarining yangi marralarga erishishida samarali xizmat qilib kelmoqdi.
Yurtimizda sportga berilayotgan ulkan eʼtibor tufayli sportchilarimiz erishayotgan yuqori natijalar nufuzli xalqaro sport tashkilotlari tomonidan eʼtirof etilib, jahon sport reytingida mamlakatimiz o‘rnini yana-da mustahkamlamoqda. Dunyoning barcha qitʼalarida maʼlum va mashhur bo‘lgan Kurash sportining muxlislari esa tobora ortib bormoqda. Azaldan olijanoblik va halollik ramzi bo‘lgan Kurash - tom maʼnoda g‘alabaga halol yo‘l bilan erishish demakdir. Bu yo‘lda esa qator masʼul tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi majlislar zalida O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi va Xalqaro Kurash instituti o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik memorandumini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi bosh direktori Nodirjon Tursunov, Turizm va sport vaziri o‘rinbosari Shaxrullo Mahmudov, Xalqaro Kurash instituti rektori Xabibullo Tadjiyev, ZOOM platformasi orqali Xalqaro kurash assotsiatsiyasi (IKA) prezidenti Haydar Farmon bevosita kuzatib bordi. Qoleversa, ommaviy axborot vositalari xodimlari ham ishtirok etishdi.
Tadbir davomida mutasaddilar so‘zga chiqishdi va o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.
“Avvalo o‘zaro hamkorlik memorandumini imzolash borasidagi taklifingizdan minnatdormiz. O‘zbek sporti bo‘lgan kurashni Olimpiya o‘yinlariga kiritishga qaratilgan chora-tadbirlar albatta o‘z samarasini beradi. Bu yo‘lda esa barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilmog‘imiz lozim. Shu o‘rinda bizni kuzatib borayotgan xalqaro federatsiyalarda faoliyat olib borayotgan murabbiylar va sportchilar g‘alabalarga dopingsiz, halol yo‘l bilan erishishlariga tilakdoshman”, - dedi Nodirjon Tursunov.
Ushbu memorandum imzolanishidan ko‘zlangan asosiy maqsad o‘zbek sporti bo‘lgan kurashni halol sport turi ekanligi, bu sport turida sportda taqiqlangan moddalarni isteʼmol qilishga yo‘l qo‘ymaslik hamda bu borada murabbiy va sportchilarga tushuntirishlar berishga qaratilgan.
Shuningdek, “Kurash sportida Xalqaro antidoping qoidalariga amal qilish” mavzusiga bag‘ishlangan I-Xalqaro antidoping onlayn seminari o‘tkazildi. Mazkur seminarda IKA tarkibidagi 130 dan ziyod xalqaro kurash federatsiyalari kurash murabbiylari hamda xalqaro ekspertlari ishtirok etishdi. Mazkur o‘quv seminarda O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi Antidoping taʼlim dasturlari bo‘limi boshlig‘i Zebiniso Gaziyeva maʼruza qildi.
Milliy antidoping agentligi
Matbuot xizmati